Guliston shahridagi 1-sonli bolalar musiqa maktabida Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tashabbusi bilan o‘tkazilayotgan “Iqtidorli maktab ansambli” respublika ko‘rik-tanlovining shahar bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Ushbu tanlov musiqa san’atiga qiziquvchi iqtidorli o‘quvchilar o‘rtasida musiqiy madaniyatni yuksaltirish, yoshlar ijodiy salohiyatini rivojlantirish, maktab ansambllarini rag‘batlantirish, jamoaviy ijro mahoratini oshirish hamda milliy qadriyatlarimizni asrash va targ‘ib etish maqsadida tashkil etildi.


Shahar bosqichida 5-11-sinflarda tahsil olayotgan va musiqaga ishtiyoqi baland bo‘lgan o‘quvchilardan iborat ansambl jamoalari ishtirok etdi. Tanlov milliy ijro, erkin mavzuda ijro, musiqa va xoreografiya uyg‘unligi, ansambl haqida qisqacha taqdimot shartlari asosida o‘tkazildi.

Har bir jamoa o‘z iqtidori, ijodiy yondashuvi va sahna mahoratlarini namoyon etib, viloyat bosqichida ishtirok etish huquqi uchun bahslashdi. Ijrochilar nufuzli hakamlar hay’ati tomonidan “ijro mahorati”, “hamohanglik”, “asar tanlovi va kompozitsiyasi”, “sahna madaniyati va chiqish”, “ko‘rinish va libos” mezonlari asosida baholandi.

Tanlov natijalariga ko‘ra, 8-sonli umumta’lim maktabining “Iqtidorli maktab ansambli” jamoasi “Yosh san’atkorlar” nominatsiyasi bo‘yicha birinchi o‘rinni egallab, Sirdaryo viloyat bosqichiga yo‘llanma olgan bo‘lsa, 1-sonli umumta’lim maktabining “Iste’dod” ansambli ikkinchi o‘ringa, 6-sonli umumta’lim maktabining “Yuksalish” ansambli esa uchinchi o‘ringa loyiq deb topildi.
G‘olib jamoalar ko‘rik-tanlov tashkilotchilari tomonidan maxsus diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri