O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligida robototexnika tanlovi bo‘lib o‘tdi.
Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti va “Transformers Education” o‘quv markazi hamkorligida o‘tkazilgan tanlov 2021 yilda bo‘lib o‘tadigan yirik tanlovlar oldidan mashq, tajriba orttirish maqsadida tashkil etildi.
Umumta’lim maktabi o‘quvchilari o‘rtasida o‘tkazilgan mazkur tanlovga o‘g‘il-qizlar, ota-onalar va pedagoglar katta qiziqish bildirdi.
Pandemiya sababli ko‘plab ta’lim to‘garaklari onlayn ravishda ishlashga majbur bo‘ldi. Ammo shu jarayonda ham samarali natijalarga erishildi. Karantin choralari yumshatilgach, an’anaviy ta’lim asosida to‘garaklar ham o‘z faoliyatini qayta tikladi. Robototexnika kurslari ham ayni vaqtda ham onlayn, ham an’anaviy shaklda mashg‘ulotlarni olib boryapti.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/jxSdnv7LT7A" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture" allowfullscreen></iframe>Tanlovda ishtirok etgan o‘quvchilar esa qisqa muddatda egallagan bilimlarini namoyish etdi. Unda robototexnika sohasiga qiziquvchi 14 jamoa shakllantirilib, har bir o‘qituvchining yoshi teng bo‘lgan o‘quvchilari bahslashdi. O‘quvchilar o‘zi yasagan robotlar orqali bugun ko‘pchilikni qiziqtiradigan futbol o‘yinini namoyish etdi. Birinchi o‘rinni egallagan jamoaga “Transformers Education” kubogi taqdim etildi. Shu bilan birga barcha ishtirokchilar rag‘batlantirildi.
Tanlov doirasida ochiq dars ham tashkil etildi. Unda yoshlar robototexnikaga qiziqishi, nega bugun bu sohani egallash kerak, ishsizlik va uning yechimlari qanday bo‘ladi, kelgusida qaysi kasblarga talab ortib, qaysi kasblar ishini texnologiyalar bajarishi haqida ma’lumot berildi.
Ochiq dars davomida o‘g‘il-qizlar qisqa dasturlash mashg‘ulotida ham qatnashdi.
O‘quv markazi rahbari Shohruh Yusupovning aytishicha, bugun robototexnika, dasturlash sohalarini o‘rganish juda muhim. Hozir shu qadar texnologiyalar rivojlanganki, ertangi kun bundanda yangi g‘oyalar va tashabbuslar davri bo‘ladi.
Barno Meliqulova, Yoqubjon Meliboyev (video), O‘zA