O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 34 yilligi hamda 14 yanvar — Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan Pavel Benkov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan rassomlik maktabida “Posboniman muqaddas yurtning” mavzusida rasmlar tanlovi tashkil etildi.
Mazkur ijodiy tanlov yoshlar qalbida vatanparvarlik tuyg‘ularini kuchaytirish, ona Vatanga bo‘lgan mehr va sadoqatni san’at orqali ifoda etish, shuningdek, o‘quvchilarning ijodiy qobiliyatlarini rivojlantirish maqsadida o‘tkazildi.



Tanlov davomida ishtirokchilar o‘z ijodiy ishlarida tinch va osoyishta hayotimiz posbonlari bo‘lgan harbiy xizmatchilarning mashaqqatli, mas’uliyatli va sharafli faoliyatini, Vatan himoyasining muqaddas burch ekanini yorqin ranglar va tasvirlar orqali ifoda etdi.



Rasmlarda O‘zbekiston davlat bayrog‘i, musaffo osmon, mustahkam chegaralar, harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolari obrazlari keng aks ettirildi.



Tanlov yakunida eng faol va iste’dodli ishtirokchilar tashkilotchilar tomonidan diplom va esdalik sovg‘alari bilan munosib taqdirlandi.
N.Rahmonova, O‘zA