Buxoroda joriy yilning 2-5 iyun kunlari umumta’lim maktablari va kasb-hunar ta’limi muassasalari o‘rtasida an’anaviy tarzda o‘tkazib kelinayotgan “Yosh qutqaruvchi” ko‘ngillilar harbiy-sport musobaqalarining respublika bosqichi o‘tkaziladi.
Buxoro shahridagi “Universal” sport majmuasida tashkil etilgan musobaqaning ochilish marosimi tantanali ruhda o‘tdi.
Unda viloyat hokimi Botir Zaripov, favqulodda vaziyatlar vazirining birinchi o‘rinbosari Sanjar Zuparov so‘zga chiqdi.
Ta’kidlanganidek, so‘nggi yillarda respublikamizda yoshlarga oid siyosatni amalga oshirish, xususan, ularni sport bilan shug‘ullanishlarini ta’minlash borasida ulkan islohotlar amalga oshirildi. Jumladan, yoshlarni sportga keng jalb qilish maqsadida sport majmualari, stadionlar, sport zallari va ko‘p funksiyali maydonlar barpo etildi va bu ishlar davom etmoqda. Bundan tashqari, yoshlarni harbiy-vatanparvarlik, vatanga sadoqat va fidoiylik ruhida tarbiyalash maqsadida harbiy sport musobaqalari va festivallar tashkil qilinmoqda.
Ta’lim muassasalari o‘quvchilari o‘rtasida o‘tkazilayotgan “Yosh qutqaruvchi” musobaqasi ham ana shunday ezgu maqsadlarga xizmat qiluvchi muhim tashabbuslardan biri hisoblanadi. Joriy yilgi musobaqaning respublika bosqichida barcha hududlardan umumta’lim maktablari va kasbiy ta’lim muassasalarining 300 nafarga yaqin o‘quvchi-yoshlari ishtirok etmoqda.
[gallery-23738]
Tadbir ko‘rgazmali chiqishlar va madaniy dastur bilan davom etdi.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA muxbirlari.