Andijon viloyatida “Yosh qutqaruvchi” musobaqasining respublika bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Tadbir yoshlarning favqulodda vaziyatlarga tayyorgarlik darajasini oshirish, o‘z-o‘zini himoya qilish va boshqalarga ko‘mak berish borasidagi bilim hamda ko‘nikmalarini rivojlantirish maqsadida tashkil etildi.

2 kun davomida o‘tkazilgan musobaqalarda mamlakatimizning 14 ta hududidan umumta’lim maktablari hamda professional ta’lim muassasalari o‘quvchilaridan iborat 28 ta yosh qutqaruvchi jamoalar 5 ta shart asosida bellashdi.

Qizg‘in o‘tgan respublika bosqichi yakunlariga ko‘ra faxrli o‘rin egalari va nominatsiyalar doirasida g‘olib deb topilgan jamoalar tashkilotchilar tomonidan munosib rag‘batlantirildi.

Maktab o‘quvchilari o‘rtasida 1-o‘rin Qoraqalpog‘iston Respublikasi, 2-o‘rin Andijon viloyati, 3-o‘rin Navoiy viloyati jamoalariga nasib qildi. Kollejlar o‘rtasida esa 1-o‘ringa Andijon viloyati, 2-o‘ringa Qoraqalpog‘iston Respublikasi va 3-o‘ringa Toshkent viloyati jamoalari sazovor bo‘ldi.
Gulnoza Boboyeva,
O‘zA