Urganch shahrida “Yosh qutqaruvchi” harbiy sport musobaqasining Xorazm viloyat bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini shakllantirish, sport musobaqalari orqali yoshlarda o‘z irodasi, kuchi va imkoniyatiga bo‘lgan ishonchni mustahkamlash, mardlik hamda vatanparvarlik, shuningdek, iqtidorli sportchilarni saralab olish maqsadida tashkil etilgan musobaqada kasb-hunar va umumiy o‘rta ta’lim maktablaridan jamoalar ishtirok etdi.
O‘quvchi- yoshlarni harbiy vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan favqulodda vaziyatlarning oldini olish hamda ular sodir bo‘lganida to‘g‘ri harakat qilish, o‘zi hamda o‘zgalarga yordam berish maqsadini qamrab olgan “Yosh qutqaruvchi” musobaqasining viloyat bosqichi o‘g‘il- qizlarni chin ma’noda sinovdan o‘tkazdi.
– Shartlar davomida jamoalar o‘zlarining jismoniy chidamliligi, favqulodda vaziyatlar yo‘nalishi bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarini yana bir marotaba oshirib, tengsiz kurash olib bormoqdalar, – deydi Xorazm viloyat favqulotda vaziyatlar boshqarmasi xodimi Bahrom Qilichev. – Ularni bunday sinovlardan o‘tkazishimizdan asosiy maqsad favqulodda vaziyatlar tizimiga aqlan va jismonan sog‘lom yoshlarni jalb etish, tizimning yangi zaxirasini yaratib borish, eng muhimi, favqulodda vaziyatlarda yoshlarni to‘g‘ri harakat qilishga o‘rgatishdir.
Ishtirokchilarning bilim va mahorati fuqaro muhofazasi va hayot xavfsizligi asoslari bo‘yicha savol-javob, jabrlanganlarga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish, shartli daryodan arqon yordamida o‘tish, yong‘inni o‘chirish estafetasi singari shartlar bo‘yicha baholandi.
Musobaqa yakuniy natijalariga ko‘ra, umumta’lim maktablari o‘rtasida 1-o‘rinni Urganch tumani 36-umumta’lim maktabining “Yengilmaslar” jamoasi qo‘lga kiritgan bo‘lsa, 2-o‘rinni Urganch shahridagi 5-umumta’lim maktabining “Jasorat”, 3-o‘rinni esa Gurlan tumanidagi 29-umumta’lim maktabining “Qalqon” jamoasi egalladi.
[gallery-22904]
Viloyatdagi politexnikumlar orasida esa 3-o‘rinni Urganch tumani 1-sonli politexnikumining “Yosh qutqaruvchilar” jamoasi, 2-o‘rinni Yangibozor tumani 1-sonli politexnikumining “Jasorat” jamoasi hamda 1-o‘rinni Xonqa tumani 2-sonli politexnikumining “Xorazm” jamoalari egalladi.
Musobaqa yakunida g‘olib va sovrindorlar, shuningdek, turli yo‘nalish g‘oliblari taqdirlandi.
Ahmadjon Shokirov,
Behzod Saidov (surat), O‘zA muxbirlari