Yosh qilichbozlar Toshkentda saralanmoqda
Poytaxtimizdagi “Paxtakor” qilichbozlik zalida U20 yosh toifasida O‘zbekiston qilichbozlik federatsiyasi kubogi boshlandi. Musobaqaning ilk kunida ishtirokchilar shpaga yo‘nalishining yakkalik bahslarida g‘oliblik uchun kuch sinashdi.
Ushbu bellashuvlarda Sanam Nazarova qizlar o‘rtasidagi final bosqichida Madina Mansurovani taslim etib, musobaqa g‘olibiga aylandi. Shahnoza O‘rinboyeva hamda Ozoda Usmonjonova esa kuchli uchlikdan joy oldi. O‘g‘il bolalar orasida esa Iskandar Turishev Nuriddin Nazirqulov, Ozodbek Zayniddinov hamda Vadim Bagautdinov shohsupaga ko‘tarildi.
Shuni ta’kidlab o‘tish lozimki, mazkur musobaqa nafaqat yosh sportchilar uchun tajriba maktabi, balki kelajak terma jamoasiga saralash vazifasini ham o‘tab bermoqda. Kubok natijalari asosida O‘zbekiston yoshlar terma jamoasi shakllantirilib, ular xalqaro maydonlarda yurtimiz sharafini himoya qiladi.
Ayni damda qilichbozlar shpaga bo‘yicha jamoaviy bahslarda ishtirok etmoqda.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA