Yosh polvonlarimizning muvaffaqiyati
O‘zbekistonlik yosh sportchilar Filippin poytaxti Manila shahrida erkin, yunon-rum va xotin-qizlar kurashi bo‘yicha yoshlar o‘rtasida o‘tkazilgan Osiyo chempionatida munosib ishtirok etdi.
O‘zbekistonlik yosh sportchilar Filippin poytaxti Manila shahrida erkin, yunon-rum va xotin-qizlar kurashi bo‘yicha yoshlar o‘rtasida o‘tkazilgan Osiyo chempionatida munosib ishtirok etdi.Musobaqaning yunon-rum kurashi bo‘yicha vazni 50 kilogrammgacha polvonlar bellashuvida II o‘smirlar olimpiadasi g‘olibi Ilhom Bahromov barcha raqibini mag‘lubiyatga uchratib, oltin medalni qo‘lga kiritdi.
55 kilogrammgacha bo‘lgan kurashchilar o‘rtasida Javohir Mirahmedov shohsupaning eng yuqori pog‘onasiga ko‘tarildi. 66 kilogrammgacha vazn toifasida Mirzobek Rahmatov va 84 kilogrammgacha vazn toifasida Jalg‘asbay Berdimurodov uchinchi o‘rinni egalladi.
Xotin-qizlar kurashi bo‘yicha o‘tkazilgan bahslarda Nodira Sobirova, Nabira Yesenbayeva va Baxtigul Boltaniyozova o‘z vazn toifasida bronza medal bilan taqdirlandi.
Erkin kurash bo‘yicha 55 kilogrammgacha vazn toifasida G‘ulomjon Abdullayev va 60 kilogrammgacha vazn toifasida Temur Usmonoxunov oltin medalga sazovor bo‘ldi. O‘z vazn toifasida Majid Murodov va Hasanboy Rahimov kumush, Shohrux Sapayev bronza medalni qo‘lga kiritdi.
Erkin kurash bo‘yicha O‘zbekiston yoshlar terma jamoasi umumjamoa hisobida uchinchi o‘rinni egalladi.