Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yosh osoyishtalik posbonlari xizmatga yo‘l oldi
09:30 / 2024-06-24

Ichki ishlar vazirligi akademiyasi bitiruvchilari sharafli xizmatga yo‘l olish oldidan poytaxtimizdagi «Jar» sport-sog‘lomlashtirish majmuasi stadionida saf tortdi.

Yosh leytenantlarga diplom topshirish marosimiga bag‘ishlangan tadbirda Ichki ishlar vazirligi rahbariyati, davlat organlari, jamoatchilik vakillari, ota-onalar hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

Ichki ishlar vaziri, general-leytenant Po‘lat Bobojonov inson qadri ulug‘langan yurtimizda kechayotgan ulkan o‘zgarishlar, ichki ishlar organlarini xalqchil tuzilmaga aylantirish borasida olib borilayotgan islohotlarga to‘xtaldi.

Keyingi yillarda soha uchun kadrlar tayyorlash jarayonlari ham tubdan isloh qilingani, akademiyada yo‘lga qo‘yilgan ilg‘or yondashuvlar yangi avlod ichki ishlar xodimlarini tayyorlashda muhim omil bo‘layotgani qayd etildi.  

– Prezidentimiz ta’kidlaganidek, tizimdagi islohotlar taqdirini yuksak malakali, zamonaviy fikrlaydigan, o‘z kasbiga, Vatanimiz va xalqimizga sodiq kadrlar belgilab beradi, – dedi P.Bobojonov. – Yosh kadrlar vatanparvarlik, bilim va tafakkur, shijoat va mardlikda buyuk ajdodlarimizga munosib voris bo‘lib, ichki ishlar organi xodimi, degan sharafli nomga loyiq bo‘lishi kerak.  

Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisi Qutbiddin Burhonov jamiyatda inson qadri qaror topishi, qonun ustuvorligini mustahkamlash barcha sohalar qatori ichki ishlar organlariga ham ulkan mas’uliyat yuklashini ta’kidladi. Bu esa, shijoatli, o‘z Vatanini sevadigan va unga daxldorlik hissi bilan yashaydigan kadrlarga bog‘liq.  

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov ishonchim komil, bugun ko‘zlari yonib turgan o‘g‘il-qizlarimizdan generallar, olimlar, akademiklar yetishib chiqadi. Yoshlarga qarata uchta tilakni aytgan bo‘lardim: avvalo, vatanparvar bo‘ling, Konstitutsiya va qonunlarni hurmat qiling, ikkinchidan, sohangizning yetuk mutaxassisi bo‘ling, uchinchidan, xorijiy tillarni chuqur o‘rganib, jahondagi ilg‘or tajribalardan boxabar bo‘lib yuring. Shunda, albatta, maqsadingizga erishasiz.  

Tantanali tadbirda yoshlarning buguni va kelajak taqdiri yo‘lida yaratilayotgan ulkan imkoniyatlar, fidoyi va tashabbuskor yoshlar qo‘lga kiritayotgan yutuqlar e’tirof etildi. Bitiruvchilar chinakam xalqparvar xodim sifatida Vatanimiz va xalqimizga yuksak sadoqat bilan xizmat qilishi zarurligi ta’kidlandi.

– O‘g‘lim Shuhratjonning o‘zi orzu qilgan o‘quv dargohini muvaffaqiyatli tamomlagani yoshlarga berilayotgan yuksak e’tibor natijasi, deb bilaman, – dedi Nargiz Chinaliyeva. – Adolat, poklik, fidoyilik bitiruvchilarimizning hayot mezoni bo‘lsin.  

Tantanali tadbir yakunida vatanparvarlik ruhida yangragan kuy-qo‘shiqlar ishtirokchilarda yorqin taassurot qoldirdi.  

N.Abduraimova, O‘zA