Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yosh o‘qituvchilar uyushmasining ilk forumi bo‘lib o‘tdi
17:24 / 2026-01-21

Sirdaryo viloyati maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘i tashabbusi bilan bugun Guliston shahrida joylashgan Muhammad al-Xorazmiy nomidagi ixtisoslashtirilgan maktabning Guliston filialida Viloyat yosh o‘qituvchilar uyushmasining birinchi forumi bo‘lib o‘tdi.

Ahamiyatli jihati shundaki, mazkur forumni tashkil etish hamda “Viloyat yosh o‘qituvchilar uyushmasi”ni tuzish tashabbusi Sirdaryo viloyati maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Nargiza Xolboyeva tomonidan ilgari surilgan bo‘lib, ushbu tashabbus O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan qo‘llab-quvvatlandi.

–  Ushbu tashabbusimizning vazirlik tomonidan qo‘llab-quvvatlanishi biz uchun katta kuch va yuksak motivatsiya bo‘ldi, –  deydi Sirdaryo viloyati maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Nargiza Xolboyeva. –  Shu bois bugun ilk marotaba, respublikada birinchilardan bo‘lib Viloyat yosh o‘qituvchilar uyushmasining forumini tashkil etdik. Eng ahamiyatli jihati shundaki, bu tadbir yosh pedagoglarni birlashtirish, ularning kasbiy salohiyatini oshirish va ilg‘or tajribalarni ommalashtirishga xizmat qiladi. Agar ushbu tashabbus o‘z samarasini bersa, kelgusida bunday forumlarni respublikamizning boshqa hududlarida ham o‘tkazish rejalashtirilmoqda. Bu esa ta’lim tizimida yosh kadrlarni qo‘llab-quvvatlash va ularni islohotlar jarayoniga faol jalb etishda muhim qadam bo‘ladi.

Forum viloyatimizda faoliyat olib borayotgan tashabbuskor va izlanuvchan yosh o‘qituvchilarni bir maydonga jamlab, ularning kasbiy salohiyatini yanada oshirishga qaratildi. Xususan, tadbir yosh pedagoglarning kasbiy bilim va ko‘nikmalarini rivojlantirish, zamonaviy pedagogik tajribalarni ommalashtirish, ilg‘or tashabbus va innovatsion g‘oyalarni qo‘llab-quvvatlash, shu orqali ta’lim sifatini yangi bosqichga olib chiqish kabi ustuvor maqsadlarga xizmat qildi.

Shundan so‘ng forum ishtirokchilari uchun viloyatimizdagi tajribali trenerlar ishtirokida amaliy va nazariy o‘quv mashg‘ulotlari tashkil etildi. Ularda zamonaviy ta’lim metodlari, innovatsion yondashuvlar, samarali dars jarayonlarini tashkil etish, o‘quvchilar bilan ishlashning yangi usullari bo‘yicha fikr va tajribalar o‘zaro almashildi.

Forum doirasida ochiq muloqotlar, tajriba almashish sessiyalari hamda motivatsion chiqishlar o‘tkazilib, yosh pedagoglarning taklif va tashabbuslari atroflicha muhokama qilindi. Bunday muloqotlar yosh o‘qituvchilarning faolligini oshirish, ularning kasbiy o‘sishi uchun yangi imkoniyatlar yaratishga xizmat qildi.

Forum doirasidagi eng muhim va quvonchli lahzalardan biri yosh pedagoglarni e’tirof etish marosimi bo‘ldi. Viloyatimizda faoliyat yuritayotgan 50 nafar yosh o‘qituvchiga Sirdaryo viloyati maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘i hamda faxriy ustozlar tomonidan tantanali tarzda Yosh o‘qituvchilar uyushmasi a’zosi ko‘krak nishonlari topshirildi. Ushbu e’tirof yosh pedagoglarga bo‘lgan ishonch, ularning fidokor mehnatiga berilgan yuksak baho va rag‘bat ifodasi sifatida baholandi.

G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri