Fanlar akademiyasi tasarrufidagi institutlarda ko‘plab olim va olimalar izlanishlar olib bormoqda. Ulardan biri Fanlar akademiyasi Bioorganik kimyo instituti katta ilmiy xodimi Nurxodja Muhamedovdir. Nurxodja bioorganik kimyo yo‘nalishida faol tadqiqot olib borib, peptid-metal komplekslari, tabiiy biologik faol birikmalarni ajratish, tozalash va ularning biologik faolliklarini o‘rganish bilan shug‘ullanadi.

N.Muhamedov 2017-2022 yillarda Xitoy Fanlar akademiyasi va Jahon Fanlar akademiyasining CAS-TWAS qo‘shma granti doirasida Shinjon fizika va kimyo texnika institutida doktorantura bosqichini tamomlagan.
Yosh olim 2022 yilda “No‘xat oqsili gidrolizatidan polipeptid-metall xelatlar olish va ularning biologik faolligini o‘rganish” mavzusidagi dissertatsiyasini mazkur institutda muvaffaqiyatli himoya qilgan.
Dissertatsiya ishida no‘xatdan ajratilgan turli oqsil fraksiyalarining fermentativ gidrolizi orqali olingan peptidlar rux va vanadiy ionlari bilan ta’sirlashtirilib, ularning xelatlari olingan. Hosil bo‘lgan komplekslar fizik usullar yordamida tavsiflangan va ularning turli biologik faolliklari o‘rganilgan.
Oxirgi uch yil ichida nufuzli xorijiy jurnallarda 7 ta ilmiy maqola chop etgan bo‘lib, uning ilmiy ishlari Scopus va Web of Science bazalarida indekslangan.
N.Rahmonova, O‘zA