Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yosh olimlarni tayyorlash dolzarb vazifaga aylanmoqda
10:19 / 2021-09-29

Ta’lim jarayoni o‘ziga xos sur’at va jadallik bilan rivojlanmoqda.

Bu esa yangi texnologiyalarni joriy  etish va davr bilan hamqadamlikni taqozo etadi. Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutida Yangi O‘zbekiston shukuhiga monand jarayon boshlangani sir emas.

Bu yerda ilk bor ko‘rgazmali zal va laboratoriya ishga tushirildi.

Hukumatimiz qarorlarida yuqori malakali kadrlarni, shuningdek, innovatsion tadqiqotlarni olib borish va jamoada ishlash ko‘nikmalariga ega bo‘lgan yosh olimlarni tayyorlash dolzarb vazifa sifatida yuzaga chiqmoqda.  

Institutda dastavval, ishonchli hamkorlardan biri “Huawei Tech Investment Tashkent” kompaniyasi homiyligida tashkil etilgan "Aqlli qishloq va suv xo‘jaligi" shou-rumi (ko‘rgazmali zali) tantanali ochildi.

Tadbirni institutning birinchi prorektori Bahodir Mirzayev  olib bordi. Unda "Huawei Tech Investment Tashkent" direktori Lyu Szyasin, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirining birinchi o‘rinbosari hamda O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vaziri matbuot kotibi Shuhrat Suyunovlar ishtirok etib, o‘z mulohazalarini bildirdi.  

Bu zamonaviy shou-rumga Xitoyning eng ilg‘or fermer xo‘jaliklarida faol foydalanib kelinayotgan va O‘zbekiston sharoitiga joriy qilinayotgan "Aqlli qishloq va suv xo‘jaligi"ni raqamlashtirish texnologiyasi o‘rnatilgan.  

Bundan maqsad talabalar va yosh olimlarni tayyorlash jarayonida shou-rum va ilmiy-o‘quv poligoni o‘rtasida ko‘prik vazifasini bajarish hamda real vaqtdagi dispetcherlik punkti faoliyatini amalga oshirishdir. Shou-rum yangi ilmiy ishlanmalarni yaratish orqali loyihalarning natijadorligi, aniqligi va ishonchliligini ta’minlash, sohani raqamlashtirish bilan bog‘liq ilmiy faoliyatni yoshlar o‘rtasida ommalashtirish hamda ularda tahliliy fikrlash ko‘nikmalarini rivojlantirishga xizmat qiladi.  Ikkinchi va uchinchi tadbir «PETRO TEST AVTO» MCHJ bilan hamkorlikda «Yonilg‘i moylash materiallari laboratoriyasi»ning hamda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi «Agrosanoat ustidan nazorat qilish davlat inspeksiyasi» bilan hamkorlikda maxsus auditoriyasining rasmiy ochilishi bilan davom etdi.

Ta’lim sifatini nazorat qilish inspeksiyasi raisining birinchi o‘rinbosari Hotamjon Ketmonov, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirining birinchi o‘rinbosari Aziz Voitov, Agroinspeksiya boshlig‘i o‘rinbosari Ashraf G‘afforovlar so‘zga chiqib o‘z mulohazalarini o‘rtoqlashishdi.

Shuningdek, mamlakatimiz qishloq xo‘jaligida foydalanib kelinayotgan chet mamlakatlarning zamonaviy “Case”, “John Deere”, "Rostselmash" qishloq xo‘jaligi texnikalarini ishlab chiqaruvchi korxonalari bilan ham hamkorlik o‘rnatilgan.  

Tadbirda oliy ta’lim sohasiga joriy etilayotgan ilg‘or texnologiyalar va texnikalar hamda ularning samaradorligi keng muhokama etildi.  Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti Matbuot xizmati. 

   

Abdulaziz RUSTAMOV, O‘zA