Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazida ilmiy izlanuvchilar uchun “Doktorantlar kuni” doirasida navbatdagi seminar bo‘lib o‘tdi.
Unda ilmiy-tadqiqot muassasalarida tahsil olayotgan doktorantlar ishtirok etib, o‘z ilmiy ishlari, olib borayotgan izlanishlari va kelgusidagi rejalariga oid ma’lumot berishdi.

Dastlab Sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkachilik ilmiy-tadqiqot instituti doktoranti Abdulla Rahimov o‘zining “Sarsabil yetishtirish texnologiyasini ilmiy asoslash” mavzusida taqdimot qildi. U o‘z chiqishida sarsabil o‘simligini mahalliy tuproq-iqlim sharoitiga moslashtirish va oziq-ovqat mahsuloti sifatidagi ahamiyati xususida to‘xtaldi.

Don va dukkakli ekinlar ilmiy-tadqiqot instituti doktoranti Hurmatoy Jo‘rayeva “Sholidan yuqori va sifatli hosil yetishtirishda resurstejamkor agrotexnologiya elementlarini ishlab chiqish” mavzusidagi tadqiqotida sholi ko‘chatlarini sifatli yetishtirish uchun maqbul agrotexnologik sharoitlarni belgilash, turli ekish muddatlarining o‘sish, rivojlanish va fotosintetik faollikka ta’sirini o‘rganish, don hosildorligi va sifati ko‘rsatkichlari o‘rtasidagi korrelyatsion bog‘liqlikni aniqlash hamda ikki marotaba hosil olish imkonini beruvchi resurs tejamkor texnologiya elementlarini ishlab chiqish xususida taqdimot qildi.

Seminarning muhokama qismida ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollariga javob oldilar.
Ekspertlar taqdimotlarda keltirilgan fakt va natijalarni tahlil qilgan holda erishilgan natijalarni e’tirof etib, yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarni tuzatish, tadqiqotning puxtaligini ta’minlash maqsadida tavsiyalar berdi.
Gulnoza Boboyeva,
O‘zA