O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi huzurida faoliyat yuritayotgan 40 dan ortiq ilmiy tashkilotlarning har birida har kuni ilm-fanning qaysidir jihatlariga oid o‘ziga xos yangiliklar yaratiladi. Akademiya olimlari safi yildan yilga kengayib bormoqda. Yoshlarning ilmiy tadqiqotini qo‘llab-quvvatlash, ularga ko‘maklashishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
“Yosh olimlar” sahifasida Fanlar akademiyasi matematika instituti direktor o‘rinbosari, fizika-matematika fanlari doktori, professor Abror Xudoyberdiyev ijodi haqida so‘z yuritamiz.
Abror Xudoyberdiyevning ilmiy izlanishlari hozirgi kundagi zamonaviy algebra masalalariga bag‘ishlanadi. Olimning so‘zlariga ko‘ra, fundamental algebra masalalari, maktabda o‘rgangan algebraik masalalardan farq qiladi.
– Sodda qilib tushuntiradigan bo‘lsak, maktabda biz asosan arifmetik amallar ya’ni qo‘shish, ko‘paytirish bilan ishlaymiz, – deydi A.Xudoyberdiyev. – Hozirgi fundamental algebralarda esa har xil sohada fizika, biologiya, ximiya, iqtisodiy masalalardan matematik tilga o‘girilgan ob’ektlardan foydalaniladi.
Ular o‘rtasida turli xil amallar bajarilib, o‘sha amallar yordamida ma’lum bir shartlarni qanoatlantiradigan ob’ektlar algebra deb nomlanadi.
Mening asosiy qiladigan ishim, zamonaviy algebralardan biri Leybnits algebra nazariyalarini o‘rganishga bag‘ishlangan. Bu yerda qaysi shartni qanoatlantiruvchi algebra sinfi mavjud, ularni qanday turlari bor, degan masalalarni o‘rganib, bir qator ilmiy izlanishlar natijalarini olganman.
Shu paytgacha biz ishlab kelgan algebralarning aksariyatida bitta binar amal kiritilgan bo‘lar edi. Asosan, shu turdagi algebralar bilan ishlagan edik. Lekin hozirgi kunga kelib bitta emas, bir nechta binar amal kiritilgan algebralar butun dunyoda faol rivojlanib bormoqda.
<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/QOIY8MsRm98?si=PM1pKvr-eKodNS_X" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>
Ikkita yoki undan ortiq binar amal kiritilgan algebralar bilan ham bir qator ilmiy tadqiqotlar olib bormoqdamiz.
Hozirgi kundagi zamonaviy algebralardan olingan natijalar fizika, ximiya, biologiya va iqtisodiy masalalarni yechishda tatbiq qilinishi mumkin.
N.Rahmonova, A.Sodiqov (video), O‘zA