Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yosh olimlar forumida qishloq xo‘jaligida samaradorlik muhokama qilindi (+video)
16:04 / 2025-09-16

E’tibor bering: O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligiga ajratilgan maydonlar tobora qisqarib boryapti. Ammo tarmoqda yetishirilayotgan mahsulot miqdori, u xoh paxta, xoh g‘alla bo‘lsin, yildan-yilga ortmoqda. Bu davlat rahbarining qishloq xo‘jaligiga ilmni chuqur tadbiq qilish tashabbusi bilan bog‘liq.

Ilm va olimlar esa “yosharib”, zamonaviylashib bormoqda. Qishloq xo‘jaligida faoliyat yuritayotgan olimlarning yarmi yoshlardan iborat. Farg‘onada O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi vazirligi tashabbusi bilan “Agrar soha yosh olimlari intellektual salohiyatini yanada oshirish va ularning innovatsion faoliyatni rag‘batlantirish” mavzusida forum tashkil etildi.

– Agrar sohani rivojlantirish bo‘yicha innovatsion texnologiyalar hamda qishloq xo‘jaligida yangi nav va duragaylar yaratilib, iqlim sharoitiga mos joylarga joylashtirilib, ularni yetishtirishning ilmiy asoslari yaratilmoqda. Bunda mamlakatimiz yosh olimlarining hissasi bor, albatta, – deydi Qishloq xo‘jaligi vazirligi Ilm-fan, innovatsiyalar va ta’limni rivojlantirish bosh boshqarmasi mutaxassisi Akmal Shamsiyev.

– Bunday forumlarda avvalo yetuk olimlar bilan yoshlar uchrashadi. Yoshlarga dunyo qishloq xo‘jaligi sohasidagi yangi texnologiyalar tanishtiriladi. Ularning ko‘nikmasi va tajribasi oshadi, – deydi Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi sohalarida strategik rivojlanish xalqaro markazi direktorining o‘rinbosari Dilfuza Egamberdiyeva. –Ular o‘zlarining g‘oyalarini masalan iqlimga ham moslashtirib amalga oshiradilar. Hozir suvsizlik, kasallikka chidamli navlar yaratish yoki qishloq xo‘jaligida suvni tejovchi texnologiyalar joriy qilish kabi dolzarb mavzular bor. Yosh olimlar ularni hal qilishda sun’iy intellektni ham qo‘llash tajribasi muhokama qilinadi. Yoki dronlar xizmatidan foydalanish ilmiy tahlillari taqdim etiladi.  

Forum ishida Qishloq xo‘jaligi vazirligi tarkibidagi 22 ta ilmiy tadqiqot instituti va 10 ta oliy o‘quv yurtining yosh olimlari ishtirok etishmoqda.

– O‘simliklar genetikasini tahlil qilish masalalari bilan shug‘ullanaman. Ilmiy tadqiqot ishim arpagenetikasiga ta’sir qilgan holda hosildorlikni oshirish bilan bog‘liq, – deydi O‘simliklar, genetik resurslar ilmiy- tadqiqot institutining doktoranti Mastura Sodiqova. – Ilmiy- tadqiqot ishimning 20 dan ortiq natijalari xorijiy va mamlakatimizdagi ixtisoslashgan jurnallarda e’lon qilingan.

Forumda yosh olimlar ilmiy- tadqiqot ishlarini muvofiqlashtirish va yaxlit zanjirga birlashtirish imkoni bo‘ldi.

Yosh olimlar forumining yana bir xususiyati shundaki, u ingliz tilida o‘tkazilmoqda. Barcha ilmiy ishlanmalar taqdimoti ham ingliz tilida.

– Yosh olimlar o‘zlarining ilmiy ishlanmalarini ingliz tilida taqdim etishlarining sababi agrar fanlarni jahon me’yorlariga moslashtirish, yosh olimlarning ingliz tili ko‘nikmalarini mustahkamlash hamda  qishloq xo‘jaligi ilmini xalqaro darajaga olib chiqish nazarda tutilgan, – deydi Akmal Shamsiyev.

Qishloq xo‘jaligi vazirligi tizimidagi ilmiy markaz va o‘quv yurtlari yosh olimlarining Farg‘ona forumi ertaga ham o‘z ishini davom ettiradi.  

Muhammadjon Obidov, Elyor Olimov (surat, video), O‘zA