Favqulodda vaziyatlar vazirligi akademiyasida “Yangi O‘zbekiston yosh olimlari birlashaylik!” shiori ostida Yosh olimlar forumi bo‘lib o‘tdi.
Davlatimiz rahbarining 2020 yil 29 oktyabrdagi "Ilm-fanni 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida"gi farmoni ijrosini ta’minlash maqsadida tashkil etilgan forumda yosh olimlar Favqulodda vaziyatlar vazirligi tizimidagi muammolarni ilmiy jihatdan bartaraf etish masalalarini muhokama qildi.

Forum doirasida tajribali mutaxassislar tomonidan ilm-fanda natijalarga erishishning yo‘llari va usullari atroflicha tushuntirib berildi. Shu bilan birga, ilm-fanga qiziquvchan yoshlarning fikr va mulohazalari, ilmiy va innovatsion g‘oyalari tinglandi. Mavjud muammolarni hal etish yuzasidan asoslangan taklif va tavsiyalar ishlab chiqilishi belgilab olindi.

Tadbirda so‘zga chiqqanlar favqulodda vaziyatlarning oldini olish, yong‘in xavfsizligini ta’minlash sohasida bir qator ixtirolar va ilmiy ishlanmalar, yutuqlarni samarali tatbiq etish masalalariga alohida e’tibor qaratish hamda ilmiy-texnik salohiyat va imkoniyatlardan yanada samarali foydalanish lozimligini qayd etdi.

Shuningdek, bu borada FVV akademiyasida ham ilmiy-tadqiqot, innovatsion faoliyat va ilmiy ijod bilan shug‘ullanuvchi yoshlarni birlashtirish, mavjud ilmiy maktablar an’analarini davom ettirish hamda shakllantirishga zamin yaratish, yosh olimlarning kasbiy va ilmiy-ijodiy faoliyatini qo‘llab-quvvatlash maqsadida “Yosh olimlar kengashi” tashkil etilgani xususida fikr-mulohazalar bildirildi.

Yakunda tashkilotchilar tomonidan eng yaxshi g‘oya va ixtirolar bo‘yicha faol ishtirokchilarga tashakkurnoma va esdalik sovg‘alari topshirildi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA