“Fan, ta’lim va ishlab chiqarish integratsiyasi” mavzusida respublika yosh olimlarining ilmiy-amaliy anjumani bo‘lib o‘tdi
Yosh olimlarning ilmiy ishlanmalari, ixtirolarini amaliyotga tatbiq etishga ko‘maklashish maqsadida o‘tkazilgan anjuman O‘zbekiston yoshlar ittifoqi, Fan va texnologiyalar agentligi, Toshkent shahridagi Turin politexnika universiteti bilan hamkorlikda tashkil etildi.
Poyezd buzilsa, uni ta’mirlash uchun ko‘p vaqt, katta mablag‘ talab etiladi. Ana shunday holatlarning oldini olish maqsadida yosh olim Otabek Hamidov poyezdlarni tez va qulay tarzda ta’mirlash usuli – vibrodiagnostikani taklif qildi.Otabek ixtirosi haqida Toshkent shahridagi Turin politexnika universitetida tashkil etilgan “Fan, ta’lim va ishlab chiqarish integratsiyasi” mavzuidagi respublika yosh olimlarining ilmiy-amaliy anjumanidagi chiqishida so‘zlab berdi.
Yosh olimlarning ilmiy ishlanmalari, ixtirolarini amaliyotga tatbiq etishga ko‘maklashish maqsadida o‘tkazilgan anjuman O‘zbekiston yoshlar ittifoqi, Fan va texnologiyalar agentligi, Toshkent shahridagi Turin politexnika universiteti bilan hamkorlikda tashkil etildi. Unda yosh olimlar, mustaqil tadqiqotchi-izlanuvchilar va ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.
O‘zbekiston yoshlar ittifoqi markaziy kengashi raisining birinchi o‘rinbosari O.Tojiyev, Fan va texnologiyalar agentligi Bosh direktori M.Boltaboyev, iste’dodli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash “Ulug‘bek” jamg‘armasi raisi O.Salimov, Toshkent shahridagi Turin politexnika universiteti rektori K.Sharipov va boshqalar yoshlarning zamonaviy sharoitlarda ta’lim olib, bilimli, sog‘lom va yuksak ma’naviyatli insonlar bo‘lib voyaga yetayotganligi tadbirda ishtirok etayotgan yosh olimlar misolida ham o‘z aksini topayotganini ta’kidladi.
Universitet ko‘rgazmalar zalida O‘zbekiston yoshlar ittifoqi muassisligidagi “Respublika yosh olimlar assotsiatsiyasi”ning istiqbolli rejalari asosida yaratilgan taqdimotlar, oliy ta’lim muassasalari yosh tadqiqotchilarining ilmiy ishlanmalari, ixtirolari va innovatsion texnologiyalari namoyish etildi.
– Men taklif qilayotgan vibrodiagnostika – poyezdning turgan joyida uni qismlarga ajratmasdan, zamonaviy vibroanalizatorlar yordamida nosozlik va nuqsonlarini aniqlash, lokomotivni o‘sha yerning o‘zida sozlash uchun mo‘ljallangan, – deydi yosh olim O.Hamidov. – Hozirgi kunda temir yo‘lda lokomotivlar oldindan belgilab qo‘yilgan reja asosida tekshiruvdan o‘tkaziladi va ta’mirlanadi. Bunda poyezdning nosozligini aniqlash uchun uni depoga olib kirib, barcha uzel agregatlarini yechish, uni qismlarga ajratish lozim. Buning uchun esa vaqt, katta xarajat ketadi.
Anjumanda O‘zbekiston yoshlar ittifoqi hamda Fan va texnologiyalar agentligi o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.