Inson tug‘ilib o‘sgan zaminini chin qalbdan sevib ardoqlaydi. Ona diyor madhini kuylab shoirlar ash’or bitsa, musavvirlar mo‘yqalam tebratadi. Raqqosalar esa yurtga bo‘lgan muhabbat, sadoqatlarini raqslarida ifoda etishadi. Zero, har birimizning Vatan haqida yurakdan aytar so‘zimiz, samimiy izhorlarimiz bor.
Tumanimizning olis qishloqlaridan biri “Shaldiroq” mahallasida tug‘ilgan Allanazarova Mohira ilm-fan bilan shug‘ullanishga, til o‘rganib, kompyuter savodxonligini oshirishga intildi. Shundanmi, u “O‘zbekistonda ilmiy-amaliy tadqiqotlar”, Raqamli iqtisodiyot: O‘zbekistonni yangi texnologiyalar, platformalar va biznes modellari orqali rivojlantirishning yangi bosqichi mavzusidagi konferensiyalarda, Ilm ma’rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yiligi bag‘ishlangan talabalar ilmiy jamiyatining an’anaviy 77-ilmiy anjumanida o‘z ma’ruzalari bilan ishtirok etgan.
2019-2020 o‘quv yilida oliy ta’lim muassasalarida ijtimoiy-muhitni yanada sog‘lomlashtirish maqsadida “Ma’rifatli yoshlar – yurt ko‘zgusi” shiori ostida o‘tkazilgan “Kitobxon talaba” ko‘rik tanlovida ikkinchi o‘rinni qo‘lga kiritgan Mohira 2021-yil MDH davlatlari o‘rtasida Qozog‘istonda bo‘lib o‘tgan “Luchshiy molodoy uchenыy 2021” tanlovi ishtirok etib, 1- o‘rinni qo‘lga kiritib, ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi. MDH davlatlari o‘rtasida o‘tkazilgan “Yilning eng yaxshi yosh olimi-2021” Xalqaro tanlovida 14 ta mamlakat ichida birinchi o‘ringa loyiq ko‘rilib, oltin medal bilan taqdirlangan Mohira Allanazarova yurtimizda yoshlar uchun yaratilgan sharoitlardan mamnun.
- Tanlovlarda g‘alab qozonishim, biz talaba-yoshlar o‘rtasida kitobxonlik va mutolaa madaniyatini keng targ‘ib etilganligi natijasida kitob o‘qishga bo‘lgan qiziqishimizni oshgani va rag‘batlanganimizning yorqin ifodasidir, - deydi yosh olima Mohira Allanazarova.
– Asosan men ilmiy izlanish olib borayotgan mavzu Qandli diabet kasalligi bilan og‘rigan bemorlar uchun yurtimiz hududida o‘sadigan qizilmiya o‘simligi, topinambur, zira, tikanli na’matak, arpabodiyon, zarchova, zanjabil va okbosh kabi giyoh va o‘simliklardan “Glyukleko plyus” kapsulasini olish texnologiyasidir.
Ustozlarimiz bilan birga izlanishlarimiz natijasida yangi ta’sir jihatdan kuchli va samarali bo‘lgan, hamyonbop antita’sirlarga ega bo‘lmagan kapsula turini yaratishga muvaffaq bo‘ldik. Ilmiy izlanishlarimizning asosiy yangiligi shundaki, bu turdagi kapsula asosi ya’ni (substansiya)si olinishi aynan o‘z hududimizda o‘sadigan o‘simliklardan ekanligi hamda texnologiyani yangicha uslubda ekanligida.
Hozirda ushbu kapsulani Davlat Farmakopeyasi standartlariga javob berish uchun maxsus sifat nazorati markazidan muvaffaqiyatli o‘tkazdik. Asosiy maqsadim mahalliy dorivor o‘simliklar sirasiga kiradigan qizilmiya o‘simligi, topinambur, zira, tikanli na’matak, arpabodiyon, zarchova, zanjabil va oqbosh kapsula dori shaklini ishlab chiqarish, tarkibi va texnologiyasini yaratish.
Endilikda yana bir yangi dori turi yaratish ustida ish olib boryapmiz. Bu ham yangicha texnalogiya asosida surtma dori turini sifat ko‘rsatkichlari darajasida yaratishdir. Ushbu Surtma “Estrogen ta’sirli” bo‘lib 40 yoshdan oshgan ayollar uchun maxsus gigiyenik pereperat sifatida foydalaniladi.
Albatta, bugun yoshlarimizning yuz-ko‘zlaridagi g‘ayrat-shijoat, intilish, bilimga chanqoqlikni ko‘rib, kelajagimiz ishonchli qo‘llarda, degan fikrga kelasan kishi. Tumanimizdagi 25-umumiy o‘rta ta’lim maktabini a’lo baholarga tamomlagan Mohira Allanazarova ayni vaqtda Toshkent Farmatsevtika institutining sanoat farmatsiya fakultetining 2-bosqich talabasi.
U Respublika va Xalqaro miqyosda o‘tkazilgan 10 dan ortiq ilmiy-ijtimoiy loyihalar muallifi va tashkilotchisi. Uning “Suyuq ekstrakti texnologiyasi va sifat nazorati”, “Qizil miya o‘simligining tibbiyotdagi ahamiyati” singari 40 dan oshiq ilmiy maqolalari, tezislari xalqaro va respublika miqyosidagi nashrlarda e’lon qilingan. Respublika yosh olimlar kengashi a’zosi bo‘lgan Mohira Allanazarova.
Nigina SHOEVA,
Sho‘rchi tumani hokimi Matbuot kotibi,
Axborot siyosati masalalari bo‘yicha o‘rinbosari