O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi akademiyasida “Hayotiy faoliyat xavfsizligini ta’minlashda innovatsion yondashuv, ilmiy ishlanmalar va zamonaviy texnologiyalar” mavzuida IV Respublika yosh olimlar ilmiy-amaliy anjumani bo‘lib o‘tdi.
Mazkur tadbir davlatimiz rahbarining Shanxay hamkorlik tashkilotining Samarqand sammitidagi nutqida bildirilgan global iqlim o‘zgarishi, tabiiy boyliklar va suv resurslari tanqisligining ortishi, bioxilma-xillikka putur yetishi, xavfli yuqimli kasalliklar tarqalishi hamda turli xavf-xatarlar va muammolarning yechimiga oid masalalardan kelib chiqib, hamkorlikda innovatsion g‘oyalar va ilmiy ishlanmalarni rivojlantirish samaradorligini oshirish maqsadida tashkil etildi.
Anjumanni akademiya boshlig‘i Qobul Berdiyev ochib, Prezidentimiz tashabbusi bilan Yangi O‘zbekistonda innovatsion rivojlantirish strategiyasi izchil amalga oshirilayotgani, oliy ta’lim muassasalarida innovatsion va texnologik g‘oyalarni har tomonlama rivojlantirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratilayotgani, yosh olimlarning innovatsion texnologiyalarni yaratish borasidagi tashabbuskorligini qo‘llab-quvvatlash yuzasidan zarur choralar ko‘rilayotgani, bugungi yoshlarni yangicha fikrlash, yangi g‘oyalar ustida ishlash va xalqaro tajribalar asosida yaratilayotgan ixtirolarini amaliyotga keng tatbiq etish yo‘lida olib borilayotgan izlanishlarni alohida ta’kidladi.
Shuningdek, anjumanda hayotiy faoliyat xavfsizligini ta’minlash masalasi kompleks xarakterga ega bo‘lib, uni yuqori darajada mustahkamlash, tegishli chora-tadbirlarni amalga oshirish muhimligi qayd etildi.
Anjumanda ilmiy-tadqiqot va tajriba-konstruktorlik ishlari sohasida hamkorlikni kengaytirish, hayotiy faoliyat xavfsizligini ta’minlash tizimiga ixtirolar va ilmiy ishlanmalar, yutuqlarni samarali tatbiq etish masalalari hamda ilmiy-texnik salohiyat va imkoniyatlardan yanada samarali foydalanish joizligi xususida fikr almashildi.

Anjumanning amaliy qismida ixtirochilar, yosh olimlar va tadqiqotchilar tomonidan yaratilgan ixtirolarning namoyishi o‘tkazildi. Shuningdek Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Ichki ishlar va Mudofaa vazirligi hamda tegishli vazirliklarning zamonaviy texnikalari va maxsus-avariya qutqaruv mashinalari, asbob-anjomlari va vositalari bilan tanishtirish hamda badiiy va maxsus adabiyotlar yarmarkasi tashkil etildi.
Anjuman yakunida tashkilotchilar tomonidan “Eng yaxshi maqola”, “Eng yaxshi ilmiy ishlanma”, “Eng yaxshi innovatsion g‘oya” kabi nominatsiyalar bo‘yicha g‘oliblarga tegishli sertifikat va tashakkurnoma topshirildi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA