Hozirda mamlakatimizda 2 milliondan ortiq yosh oila istiqomat qiladi.
Mazkur oilalarning mustahkamligini ta’minlash, ularning muammolarini o‘rganish, oilaviy ajrimlarning oldini olish va yoshlarni qiziqtirib kelayotgan savollariga javob topish bugungi kunning dolzarb masalalaridan biri hisoblanadi.
Aynan shu maqsadlarni ko‘zlagan holda O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi tomonidan “yoshoila.uz” elektron platformasi ishga tushirildi. Xo‘sh, yosh kelin-kuyovlarimizga bu platforma qay darajada kerak? Oila muammolari yechimida bu saytning foydasi bormi?
Shu kabi savollarga javob olish uchun Yoshlar ishlari agentligi bo‘lim boshlig‘i Sharofiddin Xonimov bilan suhbatlashdik.

– Dastavval mazkur platforma haqida umumiy ma’lumot bersangiz.
– Ushbu platforma yosh oilalar mavzusiga bag‘ishlangan bo‘lib, unda oilaning mustahkamligi va farzand tarbiyasi borasidagi fikr-mulohazalar, ota-onalarning bu boradagi mas’uliyatini oshirish bo‘yicha dasturlar, oilaviy qadriyatlar haqida eslatmalar, namunali oilalarning hayotiy tajribasidan ko‘rsatmalar berib boriladi hamda shu kabi mavzular bo‘yicha videoroliklar, film va infografik lavhalar jamlangan.
Shuningdek, mazkur platforma orqali yoshlardan kelgan oilaviy munosabatlar to‘g‘risidagi savollarga joyida javob berilib, dolzarb muammolarga yechim topishga ko‘mak beriladi.
– Boshlanishida yosh oilalarni qo‘llab-quvvatlash borasida nimalar qilindi?
– Avvalo mamlakatimiz yoshlarining ajrashishlar, o‘lim holatlari, sog‘liqni saqlash, reproduktiv salomatlik kabi masalalarga munosabati va fikr-mulohazalarini o‘rganish hamda mazkur muammolarga amaliy yechim topish maqsadida “Siz oila qurishga tayyormisiz!” mavzusida sotsiologik tadqiqot o‘tkazdik.
Shuningdek, Xalqaro qizlar kuni munosabati bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar hamda Toshkent shahri Yoshlar markazlarida “Sening tashabbusing – sening kelajaging uchun” shiori ostida qizlarning kamsitilishi, majburiy nikoh, ularning ijtimoiy muammolariga e’tibor qaratish, ta’lim va sog‘liqni saqlash xizmatlaridan foydalanishlarini ta’minlash, jamoatchilik e’tiborini qizlarning muammolariga qaratish hamda tazyiq va maishiy zo‘ravonliklarni oldini olishga qaratilgan forum tashkil etildi.
Forum doirasida “Yoshlar daftari”ga kiritilgan 150 nafardan ortiq xotin-qizlarga tadbirkorlikka jalb qilish maqsadida imtiyozli kredit, o‘zini-o‘zi band qilishga zarur bo‘lgan asbob-uskunalar va mehnat qurollarini xarid qilish maqsadida subsidiya, “Har bir yoshga bir gektar” tamoyili asosida yer maydoni ajratilgan, haydovchilik va qayta tayyorlov kurslarida o‘qitish xarajatlari hamda to‘lov-kontraktlarining bir qismi qoplab berilgan. Shu bilan birga, 10 ga yaqin yo‘nalishlarda imtiyozli maxsus sertifikatlar topshirildi.
– Telegram kanalida Platformaning atiga 458 ta a’zo bor. Saytning hali yangiligini inobatga olganda bu boshlanishi, albatta. Tarmoqni rivojlantirish, yoshlarni ko‘proq jalb qilish uchun nimalar qilish kerak va nimalar qilinmoqda?
– Yosh oilalarni “yoshoila.uz” elektron platformasidan habordor qilish, ularni mazkur sayt va kanalga jalb qilish uchun joylarda maxsus xodimlarimiz tomonidan targ‘ibot ishlari olib borilyapti. Xususan, bugungi kunning eng katta muammosi bo‘lgan ajrimlarni kamaytirish maqsadida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli targ‘ibot ishlarimizni ommaviyligini oshirish, mazkur profilaktik jarayonlarda yoshlarni haqiqiy yetakchiligini ta’minlash uchun umumiy qiymati 596 million 275 ming so‘mlik targ‘ibot materiallari, 5 ta maxsus videorolik, 210 donadan buklet, infografika va maxsus flayerlar nashr ettirildi.
O‘ylaymanki, hali endigina ish boshlagan platformamizni rivojlantirishda ushbu sa’y-harakatlar ham muhim bosqich hisoblanadi. Bu borada keyingi rejalarimiz ham platforma orqali yoshlarimizning ishonchini qozonish bilan birga ularga yaqin ko‘makchi bo‘lishdan iborat.
– Platformaning ishlashi va u orqali kelgan yoshlarning savollariga javob berish amaliyoti qanday?
– Elektron platformamizni yosh oilalarning baxtli va sog‘lom bo‘lishini ta’minlash yo‘lidagi bir qo‘llanma, deb hisoblaymiz. Bu yosh o‘g‘il bolalar, qizlar va yosh juftliklarga nafaqat huquqiy, balki diniy tomondan ham jamiyatning o‘z bo‘linmasini yaratishga tayyorgarlik ko‘rishga yordam beradi. Shuningdek, unda yosh oilalar uchun juda ko‘p qiziqarli va foydali ma’lumotlar, jumladan, imtiyozlar, kreditlar, oiladagi huquq va majburiyatlar, tibbiyot masalasidagi tushunchalar kabi ma’lumotlar ham mavjud.
Shuni inobatga olgan holda, psixolog, olim, huquqshunoslar, malakali tibbiyot xodimlari, professorlar va din vakillarini ham jalb qilamiz. Shuningdek, ko‘p yillik oilaviy hayot tajribalariga ega onaxonu otaxonlarimiz va mahalla faollarining ko‘rsatmalariga amal qilgan holda ham yondoshamiz.
Biz “yoshoila.uz” elektron platformasining faoliyati davomida yosh oilalarning ishongan va sevimli platformasiga aylanishiga barcha imkoniyatlarni ishga solgan holda harakat qilamiz.
O‘zA muxbiri
Gulnoza Boboyeva
suhbatlashdi