Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yosh oilalar daromadining ko‘proq qismini qarz to‘lashga sarflaydi – Ekspert
18:41 / 2023-03-14

Har bir ota-ona farzandlarini tarbiyalash, ularga yaxshi shart-sharoit yaratish uchun mehnat qiladi, ishlaydi. Ularning kelajagi uchun topgan daromadlarining asosiy qismini investitsiya qiladi.

Shu o‘rinda savol tug‘iladi: biz ishlab topgan daromadimizni oqilona sarflay olayapmizmi?  

Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar institutining loyiha rahbari Hayotbek Saidaliyevning fikricha, daromadni o‘z o‘rnida sarflash ham ishbilarmonlikdir. Negaki, har bir insonning o‘z mehnatini qadrlab, topgan daromadini joyida ishlatishi oilasining farovonligini ta’minlashga xizmat qiladi.  

– Shu sababli, yaqinda O‘zbekistonda insonlarning iste’mol xarajatlari va daromadlari o‘zgarishidagi xususiyatlar hamda qarz munosabatlariga kirishishini tahlil qildik, – deydi H.Saidaliyev. – Ta’kidlash kerakki, iqtisodiy nazariya ratsional inson hayoti davomida iste’molini bir maromda taqsimlaydi, degan fikrni ilgari suradi. Ya’ni ratsional insonlar daromadi past bo‘lgan (bolalik va yoshlik) davrida yetarli darajada iste’molni ta’minlash uchun ota-ona, davlat va jamiyatdan muddatli qarz oladi. Keyinchalik daromadi nisbatan baland bo‘lgan o‘rta yoshlarda qarzini qaytaradi, keyingi avlodga qarz beradi va ortganini keksalikka jamg‘aradi.  

Keksaygan chog‘ida esa qolgan jamg‘armalarini iste’mol qiladi. Barqaror daromad va iste’molning hayot sikli gipotezasi O‘zbekiston uchun ham taalluqli. Unga ko‘ra, insonlarning daromadlari 30 yoshgacha tezlik bilan o‘sadi, eng yuqori nuqtasi taxminan 30-50 yosh oralig‘ida saqlanib turadi va 60 yoshdan so‘ng keskin pasayadi. Bu, o‘z navbatida, daromad va iste’mol orasidagi farq qarz olish orqali kompensatsiya qilinishi zarurligini bildiradi.

O‘zbekistonda 450 nafar inson ishtirokida o‘tkazilgan so‘rov natijalariga ko‘ra, yosh oilalar, ya’ni oila boquvchisi yoshi o‘rtacha 38 yoshgacha bo‘lganlar boshqa oilalarga nisbatan (oila boquvchisi yoshi o‘rtacha 49 yosh) daromadining ko‘proq qismini qarz to‘lashga sarflar ekan. Bu yuqoridagi nazariy qarashga, ya’ni barqaror daromad va iste’molning hayot sikli gipotezasiga mos keladi. Bunda  respondentlarning 18 foizi maishiy texnika, 22 foizi uy-joy, 13 foizi avtomobil, 10 foizi o‘qish uchun shartnoma to‘lovi, 11 foizi telefon uchun qarz olganligi ma’lum bo‘ldi. Respondentlarning qolgan 34 foizi qarzi yo‘qligini bildirgan. Shundan 18 foizi o‘z jamg‘armasi borligini bildirgan.

So‘rov natijalari bo‘yicha aholining 10 foizi tijorat do‘konlaridan muddatli to‘lovga qarz olishni (10 foizi bank kreditini, qolganlar o‘z va yaqinlari mablag‘i bo‘lishini) afzal ko‘rishini inobatga olib, O‘zbekistonda tobora ommalashib borayotgan muddatli to‘lovga uy jihozlarini taklif etish bozori o‘rganildi. Bunda eng ommabop 13 ta internet do‘konidagi talab yuqori bo‘lgan bir xil rusumdagi smartfon, muzlatgich, televizor hamda konditsionerlarning muddatli to‘lov narxlari tahlil qilindi.

Statistika agentligi ma’lumotlariga qaraganda, 2022 yilda har 100 ta uy xo‘jaligiga 309 ta mobil telefon, 115 ta muzlatgich, 171 ta televizor va 45 ta konditsioner to‘g‘ri kelgan.

Tahlillar shuni ko‘rsatadiki, tanlangan bir xil rusumdagi telefon o‘rtacha 4,8 million so‘mdan, muzlatgich 8,1 million so‘mdan, televizor 6,8 million so‘mdan va konditsioner 6,1 million so‘mdan sotilayotgani aniqlandi. Aynan mazkur tovarlar do‘konlar tomonidan 12 oyga muddatli to‘lov orqali yillik stavkasi o‘rtacha 70 foizdan 77 foizgacha xaridorlarga taqdim etilmoqda.

Hozirgi kunda tijorat banklari tomonidan belgilangan talablarga muvofiq ajratilayotgan iste’mol krediti stavkalari 17 foizdan 38 foizgachani tashkil etmoqda. Ushbu bozorlarda narxlar va muddatli foiz to‘lovlari o‘rtasidagi katta tafovut bir tomondan, aholi orasida ma’lumotlarning notekis taqsimlangani (information asymmetry) hamda ularning moliyaviy savodxonligini yanada oshirish bo‘yicha tadbirlarga ehtiyoj borligini ko‘rsatadi. Ikkinchi tomondan, bank xizmatlaridan foydalanish imkoniyati cheklangan, norasmiy iqtisodiyotda faoliyat yuritayotgan aholi muddatli to‘lov bozoridan ko‘proq foydalangan bo‘lishi mumkin.

Muxtasar aytganda, individual moliyaviy intizom va rasmiy iqtisodiyotda faoliyat yuritish iste’molchining bank sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar va yaratilayotgan imkoniyatlardan to‘laqonli bahramand bo‘lishi va samaraliroq foydalana olish ehtimolini oshiradi.

O‘zA muxbiri 

Nasiba Ziyodullayeva yozib oldi.