Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yosh ofitserlarning nigohida quvonch, qadamida ishonch mustahkam
21:22 / 2025-06-21

Vatan xizmatiga shaylanish, yurtga qalqon bo‘lish yo‘lida yetuk aql, jismoniy va ruhiy tayyorgarlik talab etiladi. Mana shu yo‘lda matonat bilan ilm olib, O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari akademiyasini tamomlagan yosh ofitserlarning yaqinlari nigohida quvonch, o‘zlarining qadamida ishonchni ko‘rish mumkin.

Bugun Qurolli Kuchlar akademiyasida yosh ofitserlarning navbatdagi bitiruv marosimi o‘tkazildi. Dastlab, Umumqo‘shin fakultetini a’lo baholarga bitirgan bitiruvchilar, ofitserlar va Qurolli Kuchlar faxriylar Kengashi a’zolari tomonidan “Bilim yurti bitiruvchilariga shon-sharaf monumenti”ga gulchambar qo‘yildi.  

Shundan so‘ng, bitiruvchilar mehmonlarning olqishlari va harbiy orkestr sadolari ostida saf maydoniga tantanavor kirib keldi.  

Mudofaa vaziri, general-mayor Shuhrat Xolmuhamedov bitiruvchilarni, yosh ofitserlarni tabrikladi. Akademiyani imtiyozli tamomlagan bitiruvchilarga diplom va ko‘krak nishonlarii berildi.  

Tadbirning badiiy qismida bobomiz Amir Temur siymosining gavdalanishi va kursantlarning jo‘r bo‘lib kuylashi barchada katta taassurot uyg‘otdi. Ayniqsa, bitiruv marosimida ota-onalar va jajji bolajonlarning ishtiroki hamda katta hayajoni bilan bayramni kuzatib turishi marosimga bayramona kayfiyat ulashdi.  

Bir so‘z bilan aytganda, tadbir katta hayot ostonasiga qadam qo‘yayotgan yosh ofitserlarga yanada shijoat ulashdi.  

“O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari akademiyasi yurtimizdagi eng nufuzli oliy harbiy ta’lim muassasasi hisoblanib, vatanimiz himoyasi yo‘lida mard, jasur harbiy xizmatchilarni tayyorlab borayotgan lokomotivdir“, deya e’tirof etdi Mudofaa vaziri.  

Tadbirda bitiruvchilarning yaqinlari ham so‘zga chiqib, farzandlarining yurtga munosib ilm olishlariga ko‘maklashgan ustozlariga minnatdorlik bildirdi.  

“Yoshlarimizni qo‘llab-quvvatlab, ta’lim olishlariga yaratilgan sharoitlarni ko‘rib quvonyapmiz, faxrlanyapmiz. Farzandlarimizning tillarini so‘zga, qo‘llarini amalga o‘rgatgan Qurolli Kuchlar akademiyasining jonkuyar o‘qituvchilariga salomatlik tilaymiz“, dedi Navoiy viloyati, Nurota tumanidan nevarasining bitiruv tadbiriga kelgan Farog‘at ona Karimova.  

Videosi quyida…  

<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/mlz1FWrBpXA?si=N7VJptFkjV4eRgec" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>

Abdulaziz RUSTAMOV,  

O‘zA