FOTOREPORTAJ
O‘zbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universitetida yosh ofitserlarning navbatdagi bitiruviga bag‘ishlangan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda ta’kidlanganidek, safda turgan yosh ofitserlarga o‘tgan davr mobaynida tajribali professor-o‘qituvchilar tomonidan tegishli mutaxassisliklar bo‘yicha zamonaviy asosda ta’lim-tarbiya berildi. Universitetda tahsil olish jarayonida bo‘lajak ofitserlarning yuksak professional tayyorgarlikka, eng ilg‘or innovatsion bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lishiga, xorijiy tillarni o‘rganishiga alohida e’tibor qaratildi. Bitiruvchilarning harbiy bilim va ko‘nikmalari yuksalishi bilan birga, ularning qalbida vatanparvarlik, sadoqat va matonat tuyg‘ulari shakllandi.
[gallery-12310]
– Bitiruvchi ofitser-kadrlar kelgusida qanday lavozimlarda xizmat qilmasin, ular faoliyatida yuksak mas’uliyat, halollik va kamtarlik fazilatlari namoyon bo‘ladi, - dedi universitet rahbari, polkovnik Mirzayusuf Rustamboyev. – Ular ona Vatani, xalqi va Prezidentiga bir umr sodiq qolishiga ishonaman.
Bitiruvchilarga diplom va ko‘krak nishonlari tantanali tarzda topshirildi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi qo‘mondoni general-mayor Rustam Jo‘rayev so‘zga chiqib, yosh ofitserlarni universitetni muvaffaqiyatli tamomlaganligi, ofitser degan sharafli nomga sazovor bo‘lganligi bilan samimiy muborakbod etdi.
Kamola Yusupova, Davron Ernazarov (surat), O‘zA