Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilarining bandligini ta’minlash masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilishda yosh mutaxassislar uchun zamonaviy talablar asosida yangi ish o‘rinlari yaratish masalalariga e’tibor qaratildi.
Senatning Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Odiljon Mamatkarimov shu haqda munosabat bildirdi:
– Davlatimiz rahbari globallashuv davrida mehnat bozori faqat son bilan emas, sifat bilan ham baholanishiga to‘xtalib o‘tdi. Yaqin yillarda mamlakatimizda ishga tushirilishi rejalashtirilgan 83 milliard dollarlik yirik loyihalar natijasida sanoatning o‘zida 500 mingga yaqin malakali mutaxassisga ehtiyoj paydo bo‘lishi ta’kidlandi.
Bu esa, raqobatbardosh, zamonaviy texnologiyalarni puxta egallagan, yangilikka tez moslasha oladigan, xalqaro standartlarga javob beradigan mutaxassislar zarurligini anglatadi.
Shu bois, oliy ta’lim tizimini ish beruvchilar talablariga moslashtirish, o‘quv dasturlarini soha rivoji va texnologik yangiliklarga uyg‘unlashtirish dolzarb va ustuvor vazifaga aylanishi lozim.
Raqobatbardosh kadrlar tayyorlash uchun, albatta, o‘quv jarayonini ishlab chiqarish bilan integratsiyalash, amaliyot hajmini ko‘paytirish, soha mutaxassislari bilan bevosita ishlash va ta’limni innovatsion texnologiyalar bilan boyitish zarur.
Yig‘ilishda ta’kidlangan muhim masalalardan biri – qiymati 1 million dollardan, ishchilar soni 50 tadan ko‘p bo‘lgan loyihalar bo‘yicha mutaxassislarga ehtiyojni aniqlashdir. Shu orqali mas’ul vazir va tarmoq rahbari oliy o‘quv yurtiga buyurtma joylashtirib, kadrlarni maqsadli tayyorlashni yo‘lga qo‘yadi.
Bunday yondashuv natijasida talabalar kelajakda qanday ish o‘rniga ega bo‘lishini yaxshi biladi. Ish beruvchilar esa ehtiyojiga mos ravishda puxta tayyorlangan mutaxassislarni qabul qiladi.
Bu tizim “diplom bor, ish yo‘q” muammosini kamaytiradi, oliy ta’lim va ishlab chiqarish o‘rtasidagi uzilishni bartaraf etadi hamda bitiruvchilarning mehnat bozorida raqobatbardosh bo‘lishini ta’minlaydi.
Shu bilan birga, oliy o‘quv yurtlari o‘quv dasturlarini bozor talablariga tezkor moslashtirishi, amaliyot bazasini kengaytirish va kadrlar tayyorlash sifatini oshirishi zarur bo‘ladi.
Endilikda bitiruvchini ishga olgan korxona tadbirkorlik reytingida qo‘shimcha ballga ega bo‘ladi. Bu mexanizm korxonalarni nafaqat foyda olish, balki o‘z reytingi va bozordagi obro‘sini oshirish uchun ham yosh mutaxassislarni ishga olishga undaydi.
Bundan tashqari, har bir viloyatda “biznes inkubator”lar tashkil etilishi va bu orqali bitiruvchilarni band qilish tashabbusi ilgari surildi. Bu esa mahalliy iqtisodiyotni rivojlantirish, yoshlar bandligini ta’minlash va innovatsion g‘oyalarni amaliyotga joriy etishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Bunday inkubatorlar tadbirkorlik, marketing, dizayn va axborot texnologiyalari kabi zamonaviy va yuqori talabga ega yo‘nalishlardagi mutaxassislarga iqtidorini ko‘rsatishga imkon beradi.
Shu bilan birga, har bir hududda 10 mingga yaqin bitiruvchi ish bilan ta’minlanishi, ularning malakasi bozor talablariga mos ravishda shakllanishi orqali mahalliy biznesning raqobatbardoshligi oshishi kutilmoqda.
Demak, endi yoshlar nafaqat ish o‘rni, balki o‘z startap va loyihalarini amalga oshirish uchun zarur sharoitlarga ega bo‘ladi.
Bu tashabbus hududlarda yangi ish o‘rinlari teng taqsimlanishi va yoshlarning majburiy migratsiyasi kamayishiga yordam berishi shubhasiz.
Bugungi kunda tadbirkorlik, marketing, dizayn va axborot texnologiyalari kabi yo‘nalishlar zamonaviy iqtisodiyotning eng tez rivojlanayotgan segmentlari bo‘lib, ularda ish o‘rinlari yaratish nisbatan tez va kam xarajat bilan amalga oshadi. Ayniqsa, ITva dizayn global bozorga chiqish imkonini beradi. Bu esa, eksport daromadlarini oshirishga ham xizmat qiladi.
Mamlakat iqtisodiyotining strategik tarmoqlari kimyo, energetika, geologiya, avtosanoat, metallurgiya, to‘qimachilik, elektrotexnika, qurilish, transport va logistika sohalarida yoshlarni ish bilan ta’minlash imkoniyatlari ham mavjud.
Ushbu sohalar nafaqat yirik ishlab chiqarish quvvatlariga ega, balki zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, innovatsiyalar yaratish va xizmat ko‘rsatish yo‘nalishlarida ham katta salohiyatga ega.
Yoshlarning bu tarmoqlarga jalb etilishi ularning professional rivojlanishini tezlashtiradi, yangi malaka va ko‘nikmalarni shakllantiradi, kadrlar bozorida raqobatbardoshlikni oshiradi.
Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, ushbu yo‘nalishda davlatimiz rahbari tizimli yondashuvni belgilab berdi. Ilgari surilgan tashabbuslarning amaliyotga tatbiq etilishi ta’lim va ishlab chiqarish o‘rtasidagi uzilishni bartaraf etib, yoshlarning tez va sifatli ishga joylashishiga zamin yaratadi.
Norgul Abduraimova,
O‘zA