Farg‘ona shahrida bo‘lib o‘tgan “TalabaExpo – 2025” kasb ko‘rgazmasi yosh mutaxassislar, bitiruvchilar va ish beruvchi tashkilotlar o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotni ta’minlovchi o‘ziga xos maydon bo‘ldi. Viloyat hokimligi, Milliy bank, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Savdo-sanoat palatasi hamkorligida tashkil etilgan mazkur tadbirda 300 dan ortiq ish beruvchilar 2 mingdan ziyod bo‘sh ish o‘rinlari bilan ishtirok etdi.
Farg‘ona viloyatidagi 9 ta oliy o‘quv yurtlarini joriy yilda 24 mingdan ziyod yoshlar tamomladi. Mazkur tadbir oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilarining bandligiga ko‘maklashish, ularni munosib ish o‘rinlari bilan ta’minlash hamda tadbirkorlik faoliyatiga jalb etishdan iboratdir.
Tadbirda mamlakatimizda yoshlarga, xususan, oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilariga yaratilayotgan imkoniyatlar, ularning bandligi va kelajakdagi barqaror va samarali faoliyatini ta’minlash uchun amalga oshirilayotgan tizimli islohotlar haqida batafsil ma’lumot berdi.
[gallery-24473]
“TalabaExpo – 2025” kasb ko‘rgazmasi doirasida bitiruvchi yoshlar uchun mavjud bo‘sh ish o‘rinlari, tadbirkorlik imkoniyatlari, shuningdek, “Kelajakka qadam”, “Xotin-qizlar tadbirkorligi” kabi dasturlar asosida taklif etilayotgan imtiyozli kreditlar bo‘yicha ko‘rgazma va taqdimotlar o‘tkazildi.
Farg‘ona davlat texnika universiteti bitiruvchisi Shoxrux Qayumov ham tadbir davomida o‘zi ishlab chiqqan ishlanmasi bilan qatnashdi. Uning ta’kidlashicha, bu qishloq xo‘jaligi sohasi rivojida, qayta tiklanuvchi energiyadan foydalanishni ta’minlashda muhim omil bo‘ladi.
Mazkur ko‘rgazma bitiruvchilarga o‘z salohiyati, iqtidori va qiziqishlariga mos kasb tanlash, mehnat bozoridagi real ehtiyojlar bilan yaqindan tanishish hamda ish beruvchilar bilan aloqa o‘rnatish imkonini beradi.
M.Sulaymonov,
M.Qodirov(surat),O‘zA