Yosh mutaxassislar ish bilan ta’minlanadi
Toshkent shahridagi Inxa universitetida Ochiq eshiklar kuni va amaliyot hamda karera yarmarkasi bo‘lib o‘tdi.
Toshkent shahridagi Inxa universitetida Ochiq eshiklar kuni va amaliyot hamda karera yarmarkasi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirlarda qirqdan ortiq milliy va xorijiy kompaniya hamda korxona ishtirok etib, aloqa, dasturlash, grafika dizayni, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari sohasi mutaxassislari uchun 400 dan ziyod bo‘sh ish o‘rnini taklif qildi.
Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari jadal rivojlanayotgani va ular jamiyat hayotining turli sohalari va iqtisodiyot tarmoqlariga tatbiq etilayotgani yuqori malakali va salohiyatli kadrlar tayyorlashni taqozo qilmoqda. Ayni paytda yosh mutaxassislarni ishga joylashtirish ham muhim vazifalardan biridir.
Amaliyot va karera yarmarkasi aynan shu maqsadga qaratilgan. Ushbu yarmarka Toshkent shahridagi Inxa universiteti va mamlakatimizning boshqa oliy o‘quv yurtlari talabalariga axborot texnologiyalari kompaniyalarida amaliyot o‘tash va faoliyat yuritish istiqbollarini belgilash imkonini beradi. Unda talabalar va bitiruvchilar ish beruvchilarning shartlari bilan tanishdi.
Dasturiy mahsulotlar va mobil ilovalar yaratishga ixtisoslashtirilgan firmalarning bo‘sh ish o‘rinlari va takliflari ishtirokchilar e’tiborini tortdi.
– Ijodiy fikrlash qobiliyati va yangi g‘oyalarga ega yosh mutaxassislarni ishga jalb etishdan manfaatdormiz, – dedi “EReport Service” mas’uliyati cheklangan jamiyati direktori T.Stepanova. – Bugun biz taklif qilgan 10 bo‘sh ish o‘rniga 30 dan ortiq ariza topshirildi. Ish qidirayotganlarning aksariyati korxonamizda amaliyot o‘tash imkoniyatiga ega bo‘lsa, eng istiqbolli mutaxassislar ishga taklif etiladi.
– Universitetimizda o‘qish va amaliyotni uyg‘unlashtirish uchun barcha sharoit yaratilgan, – deydi Toshkent shahridagi Inxa universitetining ikkinchi bosqich talabasi Hikmat Habibullayev. – Bugun mavjud bo‘sh ish o‘rinlari haqida batafsil ma’lumot olish va amaliyot o‘tash joyini tanlash imkoniyatiga ega bo‘ldik. Bu menga nazariy bilimimni amaliyotda qo‘llash imkonini beradi.
Tadbirlarda ishtirokchilar Toshkent shahridagi Inxa universiteti faoliyati, bu yerda yoshlarning oliy ma’lumot olishi uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishtirilib, ularga joriy o‘quv yilida kirish imtihonlarini tashkil etish tartibi haqida ma’lumotlar berildi.