O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari Otabek Hasanov yosh mutaxassislar bilan ochiq muloqot qildi.
“Yoshlar va davlat xizmati” mavzusidagi ochiq muloqotda vazirlik va idoralarda faoliyat yuritayotgan 400 nafarga yaqin yosh davlat fuqarolik xizmatchilari, (Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlardan 1000 nafarga yaqin yosh kadrlar masofadan), jamoatchilik hamda OAV vakillari ishtirok etdi.
Xabaringiz bor, ayni kunlarda respublika darajasidagi tashkilotlar tizimida, hududiy va mahalliy hokimliklar tomonidan yoshlar siyosati sohasida amalga oshirilgan ishlar hamda kelgusi yil rejalari muhokamasi yuzasidan an’anaviy “Yoshlar forumi” bo‘lib o‘tmoqda.
Forum doirasida o‘tkazilgan muloqotda yoshlar bilan davlat fuqarolik xizmatida ular uchun yaratilgan shart-sharoitlar, erishilgan natijalar va ustuvor vazifalar haqida so‘z bordi.
Ma’lumot uchun: bugungi kunda 91 ming 603 shtatdan 5 ming 841 tasi vakant. Davlat fuqarolik xizmatida 85 ming 762 nafar xodim faoliyat yuritmoqda.
Oliy ma’lumotlilar 56 ming 484 nafar, o‘rta-maxsus ma’lumotga egalar 29 ming 278 nafar. Erkaklar 65 ming 8 nafar, ayollar esa 20 ming 696 nafarni tashkil etadi.
16-30 yoshdagi erkaklar 17 ming 622 nafar, ayollar 2 ming 56, 31-40 yoshdagi erkaklar 29 ming 562 nafar, ayollar 7 ming 753, 60 yoshdan yuqori erkaklar 913, ayollar 620 nafarni tashkil etadi.
Muloqot avvalida yoshlarni olg‘a intilishga undovchi videorolik namoyish qilindi.
Shundan so‘ng davlatimiz rahbari boshchiligida sohada amalga oshirilayotgan ishlar haqida batafsil ma’lumot berildi. Davlat fuqarolik xizmatini rivojlantirishning zamonaviy tendensiyalari, yosh davlat xizmatchilarida liderlik ko‘nikmalarini rivojlantirish, davlat xizmatida talant menejment loyihalari yuzasidan yoshlar bilan fikr almashildi.
Muloqot davomida davlat xizmatchilari salohiyatini oshirishda Fransiya tajribasi, “Mahalladan-respublikagacha” kadrlarni o‘stirish tamoyili (shaxsiy namuna asosida), yosh davlat xizmatchilarini xorijiy davlatga stajirovkaga yuborish talablari yuzasidan taqdimotlar qilindi.
Shuningdek, yoshlarga kadrlarni davlat xizmatiga ochiq tanlov tizimi asosida ishga qabul qilish mexanizmi haqida tahliliy ma’lumot berildi.
Ta’kidlash joizki, Davlat fuqarolik xizmatchilari vakant lavozimlari yagona ochiq portali (https://vacancy.argos.uz/) orqali joriy yilda jami 21 ming 669 vakant lavozim bo‘yicha tanlovlar e’lon qilingan. Ushbu vakant lavozimlarga jami 679 ming 652 nafar nomzod tomonidan tanlovda ishtirok etish uchun hujjatlar topshirilgan. Tanlov yakunlangan 18 ming 864 vakant lavozimlarning 9 ming 213 tasi malakali xodimlar bilan to‘ldirildi. 9 ming 651 vakant lavozimlarga esa qayta tanlov e’lon qilindi.
Tanlov g‘oliblarining 3 ming 290 nafari 30 yoshgacha bo‘lganlar, 3 ming 240 nafari ayollar, 1 ming 489 nafari davlat xizmatiga birinchi marotaba qabul qilinganlarni tashkil etadi.
Yoshlar sohaga oid turli takliflar bilan chiqdi. Mavjud muammolar muhokama qilindi, yechimlari bo‘yicha takliflar berildi.
N.Abduraimova, O‘zA