Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Yosh mobilograflar maktabi” o‘quv kursi mashg‘ulotlari davom etmoqda
12:15 / 2025-12-11

Navoiy shahridagi Yoshlar markazida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi OAV uchun kontent tayyorlash markazi hamda Yoshlar ishlari agentligi tomonidan “Yosh mobilograflar maktabi” loyihasi doirasida o‘quv kursi davom etmoqda.

Bugungi kunda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi OAV uchun kontent tayyorlash markazi hamda Yoshlar ishlari agentligi tomonidan media savodxonlikni oshirish, zamonaviy texnologiyalardan foydalangan holda axborot yaratishni o‘rgatishga qaratilgan qator ma’rifiy loyihalar amalga oshirilmoqda. Mazkur dasturlar yoshlar orasida kontent yaratish ko‘nikmalarini shakllantirish, ijtimoiy tarmoqlarda mas’ul va ishonchli axborot tarqatish madaniyatini rivojlantirish, feyk xabarlarni ajratish va manbalarning ishonchliligini baholash kabi muhim yo‘nalishlarni qamrab olgan.

Ana shunday tashabbuslardan biri “Yosh mobilograflar maktabi” loyihasi hisoblanadi. Loyiha media sohasiga qiziquvchi, videokontent yaratishni o‘rganish istagida bo‘lgan yoshlar uchun mo‘ljallangan bo‘lib, ularni zamonaviy kasblarga yo‘naltirish maqsad qilingan. Loyihaning birinchi mavsumi doirasida Navoiy viloyatida 50 dan ortiq yoshlar mazkur o‘quv kursini tamomlash arafasida.

– Loyiha doirasida har yili ming nafar yoshni zamonaviy media yo‘nalishlari bo‘yicha bepul o‘qitish rejalashtirilgan. Bunday imkoniyatlar yoshlarning kasbiy rivojlanishiga zamin yaratib, ularga sifatli kontent yaratish orqali daromad topish imkonini beradi, – deydi “Yosh mobilograflar maktabi” mentori Botirjon Normatov. – Bir oylik intensiv o‘quv dasturi davomida ishtirokchilarga smartfon orqali surat va video olish, videotasvir texnikasi, kadr kompozitsiyasi, yorug‘lik va rang bilan ishlash, syujet qurish va rejalashtirish kabi zarur bilimlar beriladi. O‘quv jarayonidagi amaliyot va tajribalar yoshlarning daromad topishiga ham xizmat qilmoqda. Kursda qatnashgan ishtirokchilarning aksariyati frilans yo‘nalishidagi xizmatlarga buyurtmalar qabul qilib, ilk daromadlarini topishga muvaffaq bo‘lmoqda. Loyiha doirasida dron bilan ishlash, xavfsizlik qoidalari, yuqoridan kadr olish texnikasi ham o‘rgatiladi. Kurs yakunida dron bo‘yicha amaliy mashg‘ulotlar professional mutaxassis tomonidan o‘tkaziladi. 

O‘quv mashg‘ulotlari davomida viloyat Adliya boshqarmasi, Navoiy davlat universiteti, Navoiy konchilik va texnologiyalar universiteti, O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi viloyat hududiy bo‘linmasi, viloyat “Fidoiy yoshlar” teleklubi hamkorligida o‘tkazilgan Konstitutsiya – huquqlarim poydevori mavzusidagi videoroliklar tanlovi g‘oliblari taqdirlandi.

Ushbu tanlov o‘rta maxsus o‘quvchilari va oliy ta’lim tashkilotlari talabalari o‘rtasida o‘tkazilib, unda 150 nafarga yaqin yoshlar ishtirok etdi. 

Tanlov nizomiga ko‘ra, 1-, 2-, 3-o‘rin sohiblari aniqlanib, ularga diplom va esdalik sovg‘alari topshirildi. 

A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri