Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov Al-Xorazmiy nomidagi yosh matematiklar xalqaro olimpiadasi g‘olibi Javohir Anvarov bilan uchrashib, unga diplom va sovg‘alarini topshirdi. Jahon fan olimpiadasida g‘oliblar safidan o‘rin olishiga omad tiladi.
Angor tumanidagi 3-maktab o‘quvchisi Javohir Anvarov shu yilning 27-28 may kunlari 7-8-sinf o‘quvchilari o‘rtasida Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan Al-Xorazmiy nomidagi yosh matematiklar xalqaro olimpiadasida faxrli 1-o‘rinni qo‘lga kiritib, jahon fan olimpiadasiga yo‘llanma oldi.

– Viloyat hokimi bilan uchrashuv dunyoning eng sara yosh matematiklari o‘zaro bahslashadigan fan olimpiadasiga kuchli motivatsiya berdi, – deydi Javohir Anvarov. – Albatta, bu olimpiadada ham sovrinli o‘rinni egallab, mamlakatimizda biz, yoshlarning o‘qib, izlanishimiz uchun yaratilayotgan sharoitlarni jahonga keng tarannum etaman. Yanada ko‘proq bilim egallab, kelajakda Vatanimiz taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shaman.
Sayyoramiz o‘quvchilarining fan olimpiadasi joriy yil 25-30 iyun kunlari Turkiya davlatida bo‘lib o‘tadi.
Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA muxbiri