“Yosh kitobxon” ko‘rik-tanlovi minglab yoshlarni kitob mutolaasiga chorladi.
Sirdaryodagi tanlov Ma’naviyat va ma’rifat markazida tashkil etilgan badiiy kitoblar ko‘rgazmasidan boshlandi.
So‘ng qur’a tashlandi. Respublika ekspertlar komissiyasi tomonidan muhrlangan konvertlar ota-onalar tomonidan ochildi.

— Ushbu tanlov orqali yoshlarning buyuk adib va mutafakkirlarning nodir merosi, ibratli hayoti va ijtimoiy faoliyatini har tomonlama chuqur o‘rganishi, targ‘ib etishi, yoshlarimizni o‘zlikni anglash, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash, ular o‘rtasida kitobxonlik madaniyatini keng ommalashishiga erishdik, — deydi Yoshlar ishlari agentligi viloyat boshqarmasi boshlig‘i Behzod Tagayev.

Eslatib o‘tamiz, tanlov O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 12 maydagi “Buyuk allomalar, adib va mutafakkirlarimiz ijodiy merosini keng o‘rganish va targ‘ib qilish maqsadida yoshlar o‘rtasida kitobxonlik tanlovlarini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida muntazam o‘tkazib kelinmoqda.

G‘oliblar aniqlandi. 10-14 yosh toifasida Guliston tumani 15-umumta’lim maktabi o‘quvchisi Gulsanam Ravshanovaga g‘oliblik nasib etdi va Respublika bosqichiga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi.
– Uyimizda mingga yaqin adabiyot bor, – deydi Gulsanam Ravshanova. – O‘qigan kitoblarimni tahlil qilaman. Tanlovning Respublika bosqichida ham munosib ishtirok etish niyatidaman.
Sh.Suyarov, F.Toshmatov(surat), O‘zA