French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Yosh kitobxon” tanlovi va “Zukko kitobxon” loyihasi: Qaysi tanlovga yoshlarning qiziqishi baland? (+video) 
16:34 / 2024-03-04

Prezidentimizning besh muhim tashabbusi doirasida yoshlar ma’naviyatini yuksaltirish, ular o‘rtasida kitobxonlikni keng targ‘ib qilish maqsadida 2017-yildan buyon an’anaviy tarzda “Yosh kitobxon” tanlovi o‘tkazib kelinmoqda. “Yosh kitobxon” tanloviga bugungi kunga qadar 4,7 million nafardan ortiq yoshlar qamrab olindi.

2017-yildan buyon 280 nafar yosh kitobxonlar tanlovning respublika bosqichida ishtirok etgan bo‘lsa, shundan 20 nafari g‘oliblikni qo‘lga kiritib, Prezident sovg‘asi – “Spark” (17 nafari) va “Kobalt” avtomashinasi (3 nafari) sovrindori bo‘ldi. E’tiborlisi, tanlovda g‘olib bo‘lgan 14 nafar qizlarning 8 nafari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan Davlat mukofotlari bilan taqdirlangani ularning kitob o‘qib, bilim olishiga katta turtki bo‘lmoqda. 

Shuningdek, Yoshlar ishlari agentligi tomonidan “Zukko kitobxon” loyihasi ham yo‘lga qo‘yilgan. Mazkur tanlov har oyda ikki marotaba o‘tkaziladi. “Yosh kitobxon” tanlovi va “Zukko kitobxon” loyihasining o‘rtasidagi farqlar xususida Yoshlar ishlari agentligi mas’ul xodimi Qandil Bobokulov quyidagilarni gapirib berdi. 

– Ma’lumki, “Yosh kitobxon” tanlovi 3 ta – 10-14, 15-19 va 20-30 yosh toifasida mahalla – sektor – tuman – hudud – respublika bosqichlarida o‘tkazilmoqda. Tanlovda yoshlar 5 ta shart – “Badiiy asarlar bilimdoni”, “Tezkor savol-javob”, “Buyuk mutafakkir va adib”, “She’riyat”, “Insho yozish” shartlarida bellashadi. 

Tanlovda ishtirok etish uchun 10-14 yoshdagilar maxsus shakllantirilgan ro‘yxat asosida 40 nomdagi, 15-19, 20-30 yoshdagilar 50 nomdagi o‘zbek va jahon adabiyoti durdonalari, ilmiy-ommabop asarlarni o‘qishi belgilangan. Tanlovda ishtirokchilardan kitoblarda ilgari surilgan Vatan, oila va do‘stlarga bo‘lgan sadoqat g‘oyalari, komil inson fazilatlari yuzasidan mustaqil fikr yuritishiga alohida e’tibor qaratilgan. 

Tanlovning mahalla va sektor bosqichlarida ishtirokchilar test savollari orqali saralangan bo‘lsa, g‘oliblar tuman (shahar) bosqichlarida tezkor savol-javob, hududiy bosqichlarda badiiy asarlar bilimdoni va tezkor savol-javob asosida o‘zaro bellashadi. 

Tanlovning respublika bosqichida 1-o‘rin g‘oliblari – Prezident sovg‘asi “Kobalt” avtomashinasi, 2-o‘rin g‘oliblari 50 million so‘mdan, 3-o‘rin g‘oliblari – 30 million so‘mdan, qolgan ishtirokchilar 10 million so‘mdan pul mukofoti bilan taqdirlanadi. 

“Zukko kitobxon” loyihasi bo‘yicha esa 2023-yil davomida 80 mingdan ortiq yoshlar qamrab olingan. 2024-yilning ilk mavsumi boshlandi. Fevral oyida 10 ming nafarga yaqin yoshlar ishtirok etish uchun ro‘yxatdan o‘tdi. “Zukko kitobxon” tanlovida yosh chegaralanmagan. 

Ishtirokchilar har oyda berilgan adabiyotlarni o‘qib bo‘lgach, avval onlayn, keyingi bosqichda oflayn tarzda sinovdan o‘tadi. Birinchi o‘rin sohiblari 6 million 600 ming, ikkinchi o‘rinni egallagan jamoa 4 million 800 ming va uchinchi o‘rinni qo‘lga kiritganlarga 3 million 600 minggacha pul mukofoti beriladi. 

<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/pxuxHUWrifA" title="“Yosh kitobxon” tanlovi va “Zukko kitobxon” loyihasi: Qaysi tanlovga yoshlarning qiziqishi baland?" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>

Gulnoza Boboyeva, Doniyor Yoqubov (video), O‘zA