O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi tomonidan mamlakatimiz bo‘ylab “Yosh kitobxon” tanlovining viloyat bosqichlariga start berildi.
Ayni kunlarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm, Sirdaryo va Jizzax viloyatlarida ko‘rik-tanlovning hududiy bosqichlari bo‘lib o‘tmoqda.
Tanlovni tashkil etish orqali yoshlarning barcha qatlamlarini kitob o‘qishga bo‘lgan qiziqish va intilishlarini qo‘llab-quvvatlash, joylarda adabiy muhitni shakllantirishga erishiladi.
Prezidentimizning 2018 yil 12 maydagi “Buyuk allomalar adib va mutafakkirlarimiz ijodiy merosini keng o‘rganish va targ‘ib qilish maqsadida yoshlar o‘rtasida kitobxonlik tanlovlarini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori hamda 2020 yil 30 iyundagi “O‘zbekiston Respublikasida yoshlarga oid davlat siyosatini tubdan isloh qilish va yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni ijrosi doirasida tashkil etilgan tanlovda 10 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan barcha yoshlar ishtirok etish huquqiga ega.

–Ushbu tanlov yoshlar o‘rtasida kitobxonlik madaniyatini oshirishga qaratilgan ustuvor vazifalarni izchil amalga oshirishga yo‘naltirilgan, – dedi Yoshlar ishlari agentligi boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari Qandil Boboqulov. – Bundan qadimiy va betakror diyorimizdan yetishib chiqqan buyuk alloma, adib va mutafakkirlarimizning boy ma’naviy merosini, umumbashariy sivilizatsiya, madaniyat, dunyoviy va diniy ilm-fan taraqqiyotiga ulkan hissa qo‘shgan ulug‘ ajdodlarimizning noyob asarlarini asrab-avaylash, kelgusi avlodlarga bezavol yetkazish, ularning nodir merosini, ibratli hayoti va ijtimoiy faoliyatini har tomonlama chuqur o‘rganish va targ‘ib etish, yoshlarimizni o‘zlikni anglash, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash, ular o‘rtasida kitobxonlik madaniyatini keng ommalashtirish ko‘zda tutilgan.
Tanlovning hududiy bosqichi g‘oliblari esdalik sovg‘alar bilan taqdirlanmoqda, shuningdek, ularga respublika bosqichida ishtirok etish uchun yo‘llanma beriladi.
Gulnoza Boboyeva,
O‘zA