Kitob bo‘lmasa, kitobdan yog‘ilib turgan ziyo bo‘lmasa, inson taraqqiyotining hozirgi yorug‘ cho‘qqisiga yetmas edi, degan edi buyuk adibimiz G‘ofur G‘ulom.
Darhaqiqat, kitob - insonni kamolot sari yetaklovchi muhim ma’naviy xazina. U inson tafakkurini yuksaltiradi, ruhiyatini tozalaydi, tarbiyalaydi, adolatga tomon chorlaydi.
Yurtimizda kitobxonlik madaniyatini oshirish, aholi, xususan, yoshlarni kitob mutolaasiga yanada qiziqtirishga qaratilgan ko‘plab tadbirlar o‘tkazilmoqda. An’ana tusini olgan “Yosh kitobxon oila” tanlovi ulardan biri.
Davlatimiz rahbarining 2022 yil 19 yanvardagi “Mahallalarda yoshlar bilan ishlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida tashkil etilayotgan mazkur tanlov yoshlar o‘rtasida ma’naviyat va kitobxonlikni targ‘ib qilish, kitobxon oilalar safini kengaytirish, oilalarda sog‘lom muhitni shakllantirishga xizmat qilishi bilan muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Poytaxtimizning Mirzo Ulug‘bek tumanidagi 27-umumta’lim maktabida tanlovining hududiy bosqichi bo‘lib o‘tdi. Unda tumanda saralangan 14 nafar yosh oila o‘z bilim va salohiyatini sinovdan o‘tkazdi.
Qizg‘in va murosasiz bahslarda yosh oilalarning nechog‘li bilimli va keng tafakkurli ekanligi namoyon bo‘ldi.
[gallery-18271]
Yakuniy natijalarga ko‘ra, g‘olib deb topilgan Kalinbetivlar oilasi tanlovning shahar bosqichiga yo‘llanma oldi. Yorbekovlar oilasi ikkinchi hamda Jabborovlar oilasi uchinchi o‘ringa sazovor bo‘ldi.
Tanlov g‘olib va sovrindorlari tashkilotchilar tomonidan munosib taqdirlandi.
Kamola Yusupova, Nosirjon Haydarov (surat), O‘zA