Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Yosh kitobxon oila” tanloviga start berildi
12:03 / 2021-08-27

Poytaxtimizdagi Adiblar xiyobonida O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi tomonidan o‘tkazilayotgan “Yosh kitobxon oila” ko‘rik-tanlovining respublika bosqichi boshlandi.

Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan besh muhim tashabbus ijrosi doirasida yosh oilalarni qo‘llab-quvvatlash, ularning ma’naviy-intellektual salohiyati va dunyoqarashini yuksaltirish hamda ular orasida kitobxonlikni keng targ‘ib qilish maqsadida tashkil etilgan tanlovda ishtirok etgan yosh kitobxon oilalar uchun maxsus uchrashuvlar tashkil etildi.

Xususan, uchrashuvning birinchi qismida O‘zbekiston xalq yozuvchisi Isajon Sulton bilan samimiy muloqot ko‘tarinki ruhda o‘tdi. Adabiyot haqida so‘z yuritilgan muhitda yozuvchi «Alisher Navoiy» romanining taqdimoti kitob ixlosmanlarida katta qiziqish uyg‘otdi. Shuningdek, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi Zulfiya Mo‘minova bilan kechgan adabiyot haqidagi suhbatlar mushoiraga ulanib ketdi.

[gallery-3606]

Ma’lumotlarga ko‘ra, tanlovda ishtirok etish uchun respublika miqiyosida 18 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan 10 mingga yaqin  yosh oilalardan arizalar qabul qilindi. Iyun-iyul oylarida tanlovning saralash va hududiy bosqichlari o‘tkazildi. Har bir hududdan muvaffaqiyatli o‘tgan kuchli bittadan yosh oila respublika bosqichiga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi.

Endi 14 ta yosh oila bor kitobxonlik mahoratini ishga solgan holda bosh sovrin – Prezident sovg‘asi hisoblangan "Spark" yengil mashinasi  uchun bahslashadi.

Tanlovda 2-o‘ringa 50 million so‘m, 3-o‘ringa 30 million so‘m pul mukofotlari qo‘yilgan. Qolgan ishtirokchilar 10 million so‘mdan pul mukofoti bilan rag‘batlantiriladi. Shuningdek, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi tomonidan barcha qatnashchilarga 50 donadan kitoblar to‘plami taqdim etiladi.

 

Gulnoza Boboyeva, O‘zA