Farzand qalbida kitobga mehr uyg‘otish, avvalo, oilada shakllanadi. Ana shu ezgu maqsad yo‘lida tashkil etilgan “Yosh kitobxon oila” tanlovining Buxoro viloyati bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Tanlov nafaqat bilimli, ziyrak farzandlarni, balki kitobni qadrlovchi, uni hayot tarzi sifatida tanlagan ota-onalarni ham bir sahnada birlashtiradi.
Tuman va shahar bosqichida munosib ishtirok etgan kitobxon oila dastlab “Badiiy asarlar” bilimdoni shartida o‘qigan asarlari bo‘yicha o‘z sharhlarini bayon etdi.
– Ushbu tanlovda oilaviy qatnashdik. Tanlovning shahar va tuman bosqichida qatnashdik. 25 ta asar ichidan kompyuterda test savollariga javob berdik. Har bir to‘g‘ri topilgan savolga 4 ball qo‘yildi. Jami 100 balldan 76 ballni qo‘lga kiritib viloyat bosqichiga qo‘llanmani qo‘lga kiritdik, – deydi ishtirokchi Kamol Sharipov.
Tanlovning keyingi bosqichi “Tezkor savol-javob” shartida ekspertlar komissiyasi tomonidan tavsiya etilgan adabiyotlardan tuzilgan savollarga javob berish so‘raldi. Bu shart ham juda qizg‘in o‘tdi. Tanlovning yakuniy natijalariga ko‘ra, 1-o‘rinni Buxoro tumanidan ishtirok etgan Jo‘rayev oilasi qo‘lga kiritdi. Endilikda ular respublika bosqichida ishtirok etadi.
[gallery-25715]
– Bugungi tanlov juda ham ko‘tarinki ruhda o‘tdi. Natijalar so‘ngida ballar teng bo‘lib qoldi. Qo‘shimcha savol javob natijasida oilamiz 113 ball bilan g‘olib bo‘ldi. Endi mas’uliyatimiz yanada oshdi. Oilamiz bilan ustimizda yana ishlashimiz kerak. Chunki, Buxoro sharafini respublikada himoya qilishimiz va g‘oliblikni qo‘lga kiritishimiz lozim, – deydi tanlov g‘olibi Sarvinoz Islomova.
“Yosh kitobxon oila” bu bilimdon farzandlar va kitobsevar ota-onalar jamoasi. Ularning misolida butun jamiyatga o‘rnak bo‘ladigan, mutolaa orqali ulg‘aygan sog‘lom, ma’rifatli avlod tarbiyalanmoqda.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA muxbirlari.