Yosh karatechilarimiz Fujayra turnirida 7 ta medalli bo‘ldi
Birlashgan Arab Amirliklarining Fujayra shahrida yosh sportchilar o‘rtasida o‘tkazilgan “Karate One” premer liga musobaqasi yakunlariga ko‘ra, O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari 7 ta medalni qo‘lga kiritdi.
93 ta mamlakatning 2 ming 200 nafardan ziyod yosh karate WKF ustalari qatnashgan xalqaro turnirda terma jamoamiz a’zolari 2 ta oltin, 3 ta kumush va 2 ta bronza medallari jamg‘arishga muvaffaq bo‘ldi.


Mahoratli yosh karatechilarimizdan Suhrob Sa’dullayev 61 kilogramm vaznda, Solijon Soyibov -57 kilogrammda oltin, 16-17 yoshlilar o‘rtasida Asilbek Qobilov(-76 kg.), 14-15 yoshlilar o‘rtasida Sarvinoz Lapasova ( -54 kg.), 12-13 yoshlilar orasida Sirojiddin Farmonov (-45 kg.) kumush, 16-17 yoshlilar bahslarida Saidabonu Musoxonova (-66 kg.) va 14-15 yoshlilar janglari so‘nggida Artur Karimboyev (-57 kg.) bronza medallariga ega chiqdi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA