Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yosh jurnalistlarga oq yo‘l tilandi
17:24 / 2024-05-31

Samarqand viloyati Matbuot uyida ommaviy axborot vositalari uchun kadrlar tayyorlash masalalariga bag‘ishlangan davra suhbati bo‘lib o‘tdi.

Unda viloyatdagi gazetalar, televideniye, radio va internat saytlar muharrirlari va ijodiy xodimlari, talaba- yoshlar ishtirok etdi.

O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi raisi vazifasini bajaruvchi Xolmurod Salimov sohani rivojlantirish uchun davlatimiz tomonidan yaratilayotgan sharoit va imkoniyatlar, jamiyatda so‘z erkinligi va axborot olish kafolatlarini ta’minlash, jurnalist kadrlar tayyorlash borasidagi ishlarga to‘xtaldi. Ushbu yo‘nalishlarda xorijiy davlatlar tajribasi haqida so‘z yuritildi.

Samarqandlik jurnalistlar jurnalist kadrlar tayyorlashda tahririyatlar bilan yaqin hamkorlikda ishlash, gazetalar moddiy-texnika bazasini mustahkamlashda muassis mas’uliyatini oshirish, zamonaviy axborot texnologiyalari imkoniyatlaridan samarali foydalanish yuzasidan o‘z fikrlarini bildirdilar, bir qator tashabbuslar ilgari surildi.

Tadbirda O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi viloyat bo‘limi huzuridagi “Jurnalistik mahorat maktabi” tinglovchilariga sertifikat topshirildi. 

Mahorat maktabining navbatdagi tinglovchilariga 6 oy davomida viloyat gazetalari va teleradiokompaniyasining tajribali jurnalistlari “Ustoz-shogird” an’anasi asosida dars berdi. 

Mashg‘ulotlarda milliy matbuotimiz tarixi hamda bugungi jurnalistika haqida saboq berildi. Kurs davomida tinglovchilar tomonidan maxsus “Ziyo” o‘quv gazetasi tayyorlandi.

– Samarqand davlat universitetining filologiya fakulteti noshirlik ishi yo‘nalishida tahsil olaman, – deydi Go‘zal Xubbimova. – Jurnalistikaga qiziqqanim uchun mahorat maktabiga qatnadim. Bu yerdagi amaliy saboqlarimiz universitetda olgan nazariy darslarimiz bilan uyg‘unlashib, jurnalistika nima ekanligini angladik.

Tadbirda, shuningdek, O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasiga qabul qilingan ijodkorlarga a’zolik guvohnomalari topshirildi.

G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari