Avval xabar berganimizdek, Navoiy viloyatida viloyat hokimligi, O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi va “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” aksiyadorlik jamiyati hamkorligida tashkil etilgan “Milliy jurnalistika: an’analar davomiyligi va zamonaviylik” mavzusidagi 5 kunlik respublika media-forumi davom etmoqda.
Media-forumning 3-kunida dastlab “Yoshlar markazi”da joylashgan “Yoshlar media markazi”da navoiylik bir guruh jurnalistlarga O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasining a’zolik guvohnomalari va ko‘krak nishonlari topshirildi.
Media-forum ishtirokchilari ikki guruhga bo‘linib “Mahorat darslari”da ishtirok etdi.
Bir guruh ustoz jurnalistlar bosma nashrlar va internet jurnalistikasi vakillari uchun mahorat saboqlarini olib bordi.
Unda ishtirokchilar ko‘pchilikka noma’lum bo‘lgan tarixiy haqiqatlar, tarixiy va badiiy maktublar, publitsistika haqida qiziqarli ma’lumotlarga ega bo‘ldi.
– Ushbu tadbirning Navoiy viloyatida o‘tishining ham o‘ziga xos ramziy ma’nosi bor, – deydi faxriy jurnalist, “Salomatlik” gazetasi bosh muharriri Ibrohim Jumayev. – Bu hududdan milliy jurnalistikamiz uchun bir qancha iste’dodli jurnalistlar yetishib chiqqan. Navoiylik jurnalistlar mehnati hukumatimiz tomonidan ham munosib taqdirlanib, bugunga qadar O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalistlar va O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi 3 nafarni, “Mehnat shuhrati” va “Do‘stlik” ordenlari sohiblari 8 nafarni, “Shuhrat” medali egalari esa 4 nafarni tashkil etadi. Bu ham viloyatning nafaqat iqtisodiyot, balki ijtimoiy, jumladan, jurnalistikada tutgan o‘rnini ifodalaydi.
bugungi “Mahorat darslari”da unitilayozgan adabiy janrlar haqida ma’lumot berildi. Hech kimga sir emas, keyingi paytlarda OAVda, xususan, bosma nashrlarda maktub, esse, “tarixiy haqiqatlar” ruknidagi maqolalar keskin kamayib ketdi. “Mahorat darslari”da ishtirokchilar o‘zaro fikr almashib, kelgusi rejalarini o‘rtoqlashmoqda.
Ikkinchi guruhda esa radio va televideniye sohasida faoliyat ko‘rsatayotgan va navoiylik yosh jurnalistlar uchun “Mahorat darslari” bo‘lib o‘tdi.
Shu kunning o‘zida forum ishtirokchilari uchun Nurota tumaniga sayohat uyushtirildi. Ular shahar markazida joylashgan “Chashma” tabiiy me’moriy majmuasida bo‘ldi. “Chashma” nafaqat hudud aholisini suv bilan ta’minlaydigan eng yirik inshoot hisoblanadi, balki mahalliy va xorijlik sayyohlar eng ko‘p tashrif buyuradigan maskanlardan biri sanaladi.
Majmuaga bir bora tashrif buyurgan va undagi obi hayot manbai bo‘lmish chashma suvidan chanqog‘ini qondirgan inson, albatta, bu joyga yana qaytib kelishni ko‘ngliga tugadi. Tiniq va shaffof buloq suvining shifobaxsh xususiyati, unda suzib yurgan shirmohi baliqlarning insonga zavq bag‘ishlovchi xatti-harakatlari kishi hayratini oshirib, o‘ziga takror va takror chorlayveradi. Tong quyoshi ta’sirida suv uzra jilvalanayotgan behisob nurlar esa inson ruhiyatiga shu qadar sokinlik baxsh etadi.
– Bu yerga ilk bora kelishim, – deydi Xorazm viloyati teleradiokompaniyasi muharriri Shohrux Ibodullayev. – Ma’lumot berishlaricha, “Chashma” suvi qishin-yozin bir xil - 19,5 darajada, har soniyada taxminan 360-400 litr sig‘imda qaynab chiqarkan. Olib borilgan tadqiqotlarga ko‘ra, suv tarkibida sulfat, kaliy, magniy, kalsiy, kremniy, natriy, oltin, kumush ionlari kabi turli xil shifobaxsh mikroelementlar mavjud. Bu yerdagi ziyoratgoh obidalarni ko‘zdan kechirdik. “Chashma” yonida joylashgan qadimiy tarixiy yodgorliklardan biri Nur qal’asida bo‘lib, qimmatli ma’lumotlarga ega bo‘ldik.
Prezidentimizning 2019 yilda Navoiy viloyatiga tashrifi chog‘ida “Chashma” tabiiy me’moriy majmuasida faollar bilan uchrashuvida bergan ko‘rsatma va takliflaridan keyin ulkan bunyodkorlik ishlari amalga oshirildi.
Jumladan, 2020 yilda “Chashma” majmuasi hududida jami 54,8 milliard so‘mlik yangidan qurish, rekonstruksiya qilish hamda kapital ta’mirlash ishlari amalga oshirildi. Ayvonlar rekonstruksiya qilindi, “Shayx abul Hasan Nuriy” hamda “Nurgulbi” maqbarasi to‘liq qayta ta’mirlandi. Shuningdek, “O‘zqurilishmateriallari” AJ mablag‘lari hisobidan 80 o‘rinli mehmonxona qurildi.
2021 yilda esa, mehmonxona qarama-qarshisida xuddi unga o‘xshash yana bir mehmonxona qad rostladi. Shuningdek, “Hunarmandalar markazi” va 2000 kishiga mo‘ljallangan amfiteatr majmuasi “Chashma” ko‘rkiga ko‘rk qo‘shib turibdi.
Media forum doirasidagi tadbirlar davom etmoqda.
[gallery-6321]
Abduvali Bo‘riyev, Siroj Aslonov (surat), O‘zA