Ikki karra jahon chempioni, xalqaro va turli nufuzli birinchiliklar g‘olibiga aylangan qorako‘llik o‘quvchi o‘zining “Atom” nomli robotini yanada mukammallashtirish ustida ish olib bormoqda. Yosh ixtirochining ishlanmalari o‘z mukammalligi bilan ajralib turadi.
Bugungi yoshlarning zamonaviy kasb-hunar sirlarini o‘rganishga bo‘lgan ishtiyoqi ularni yangi ixtirolar sari undamoqda. Ayniqsa, yigit-qizlarning robota-texnikaga bo‘lgan qiziqishi tobora ortyapti.
Buxoro viloyati Qorako‘l tumanidagi 18-umumta’lim maktabining 8-sinf o‘quvchisi Almir Muxtorov ham hozirda yangi g‘oyalar ustida bosh qotirmoqda. U dastlab kichkina ishlanmalari bilan tuman va viloyat birinchiliklarida ishtirok etgan bo‘lsa, o‘tgan ikki-uch yillik tajribasi uni xalqaro maydonlar sari yetakladi. Almir hozirda o‘zining “Atom” nomli robotini mukammallashtirish ustida ish olib bormoqda.

– Robotimiz qo‘limni ko‘tarsam, qo‘lini ko‘taradi, –deydi Almir Muxtorov. – Yuradi, gapira oladi va odamlarning yukini yengil qilib ko‘tarib beradi. Undan tashqari, o‘zini himoya qila oladi. Chunki bunga juda qattiq korpus o‘rnatilgan. Man ikki marta jahon chempionati va bir marta xalqaro musobaqada birinchi o‘rinni egalladim.
Almirning kelgusidagi niyatlari ham juda ulkan. U avvalo inson jismoniy imkoniyati yetmaydigan manzillarda bemalol ishlay oladigan texnikalar ixtiro qilishni reja qilmoqda. Kichkina qadamlar katta maqsadlar sari eltayotganini aynan Almir Muxtorov misolida ko‘rish mumkin.

– Antenasi va radiosi 100 metrgacha olishi mumkin, –deydi yosh ixtirochi Almir Muxtorov. – Buni mukammallashtirib tayyorlamoqchiman. Kelgusidagi rejalarim robototexnika va IT sohalarini yaxshilab o‘zlashtirib, yurtim rivojiga o‘z hissamni qo‘shish.

Yoshlarimizning orzu va intilishlari munosib rag‘batlantirilayotgani ham Almir kabi ko‘plab yoshlarga qanot bag‘ishlamoqda. Ajab emas, yaqin yillar ichida o‘zbek-yigit qizlarining robotlari murakkab yumushlarimizni osonlashtirishga keng yo‘l ochsa.
Zarif Komilov, O‘zA