O‘zbekiston Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Ommaviy axborot vositalari uchun kontent tayyorlash markazi direktori Qobiljon Ahmedov Bokuda bo‘lib o‘tgan Turkiy davlatlar tashkiloti (TDT) ommaviy axborot vositalari, axborot uchun mas’ul vazirlari va rasmiylari 7-yig‘ilishi doirasida “Trend” agentligiga intervyu berdi.
Vakilimiz o‘z so‘zida dastlab yurtimizda keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilayotgani, jumladan media makonini rivojlantirish, yosh mutaxassislar tayyorlashga alohida e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi.

– Biz mamlakatdagi ijobiy o‘zgarishlar sur’atini aks ettiruvchi ochiq va zamonaviy axborot muhitini yaratmoqdamiz, – dedi Q.Ahmedov.
– Ayri jarayonda yosh hamkasblarimizni qo‘llab-quvvatlash asosiy yo‘nalish sifatida belgilangan. Shuningdek, yoshlar media salohiyatini rivojlantirishga qaratilgan ko‘plab dasturlar – mobil jurnalistika va ijtimoiy media bo‘yicha o‘quv kurslari, blogerlar va ijodkorlar uchun amaliy mashg‘ulotlar yo‘lga qo‘yilgan.
O‘zbekistonlik ekspert turkiy dunyo mamlakatlarini birlashtirib turadigan boy madaniy meros va umumiy intilish mavjud hamkorlikni kengaytirish uchun ulkan salohiyat yaratishini ta’kidladi.
– O‘zbekiston TDT faoliyatida nazarda tutilgan barcha tashabbuslar, jumladan iste’dodlar almashinuvi, birgalikda kontent ishlab chiqarishga tayyor, – dedi Markaz direktori.
M.Pirmatova, O‘zA