Ramazon oyi mamlakatimizda ezgu amallarga boy bo‘lmoqda. Navro‘z ayyomi arafasida Prezidentimiz poytaxtimizda kechayotgan islohotlar bilan tanishish asnosida Toshkentdagi 1-“Muruvvat” uyiga tashrif buyurganida, bu voqelik bolalar maskanida o‘ziga xos bayramga aylangan edi.
Davlatimiz rahbari mazkur ijtimoiy tuzilma faoliyati bilan tanishish chog‘ida bu yerda istiqomat qilayotgan yosh ijodkor Hasan Asrayevning adabiyotga mehri va iste’dodini payqab, mamlakatimizda yosh ijodkorlarni har jihatdan muntazam qo‘llab-quvvatlash muhim masala ekaniga alohida to‘xtalgan edi.
Bugun Yozuvchilar uyushmasida 1-son “Muruvvat” bolalar internat uyi tarbiyalanuvchisi Hasan Asrayevni ishga qabul qilish jarayoni bo‘lib o‘tdi.

Ma’lumki, davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev yaqinda poytaxtimizdagi 1-sonli “Muruvvat” internat uyiga tashrifi chog‘ida nogironligi bor yigit-qizlarning hayotda o‘rnini topishiga ko‘mak ko‘rsatilishini ta’kidlagan edi.
Mazkur tashrifdan so‘ng, bu yerda tarbiyalanayotgan yosh ijodkor Hasan Asrayev O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zoligiga qabul qilindi.
25-26-mart kunlari Prezidentimizning Namangan viloyatiga tashrifi chog‘ida yosh ijodkor Hasan Asrayev borasida to‘xtalar ekan, yosh iste’dod sohibining intilishi, izlanishini yanada rag‘batlantirish, adabiy jarayonlar ijodiy muhitida unib-o‘sishini ta’minlash, shuningdek, ijtimoiy muhofazasini mustahkamlash maqsadida uni Yozuvchilar uyushmasiga ishga qabul qilish bo‘yicha ko‘rsatma berdi.

Shu maqsadda yosh ijodkor, birinchi guruh nogironi Hasan Asrayev Yosh ijodkorlar bilan ishlash bo‘limi yetakchi mutaxassisi lavozimiga ishga qabul qilindi va unga uyushma guvohnomasi topshirildi.
Tadbirda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi, xalq shoiri Sirojiddin Sayyid keyingi yillarda jamiyatimizda yangi ijtimoiy himoya tizimi shakllanayotgani, bunda eng avvalo ehtiyojmandlar, jumladan, nogironligi bo‘lgan, kam ta’minlangan, mehrga muhtoj insonlarga har tomonlama e’tibor va g‘amxo‘rlik ko‘rsatilayotganini ta’kidladi.
Shuningdek, O‘zbekiston xalq shoiri Mahmud Toir, yozuvchi Ma’mura Zohidova uyushma yoshlari safida yana bir iste’dod egasi ko‘payayotgani quvonchli ekanini bildirdi. Hasan Asrayev bunday e’tibordan minnatdorligini bildirib, o‘z she’rlaridan o‘qib berdi.
Uyushma vakillari yosh ijodkorga ish jarayonida omad tiladi.

N.Usmonova, O‘zA