Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yosh, iqtidorli kadrlar hammaga kerak
17:35 / 2023-02-08

“Issiqlik elektr stansiyalari” aksiyadorlik jamiyati “Sirdaryo IES” filialining yoqilg‘i transport sexi xodimi Adhamjon Narzullayevning ilmiy g‘oyasi Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi miqyosida o‘tkazilgan xalqaro ilmiy-amaliy ko‘rik-tanlovida “Ilm-fan fidokori” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi.

Tanlovda “Energobloklarda sirkulyatsion sovituvchi suv tizimiga rekorbanizatsiya usuli orqali elektr energiyasi ishlab chiqarishda iqtisodiy samaradorlikka erishish” ilmiy loyihasi bilan qatnashgan Adhamjon Narzullayev Islom Karimov nomidagi Toshkent Davlat texnika universitetini tamomlagach “Sirdaryo IES” korxonasining 2-qozon turbina sexiga ishga kirgan. 2019-2021 yillarda Rossiya Federatsiyasi Milliy tadqiqotlar yadro universitetini tamomlab, hozirda ushbu korxonaning yoqilg‘i transport sexida ishlamoqda. Yosh  mutaxassis energetika tizimida tadqiqot va izlanishlar olib borishni davom etmoqda.

Quvonarlisi shundaki, u 2023 yilning yanvar oyida Ilg‘or tadqiqotlar ilmiy markazi tomonidan tashkil etilgan nufuzli tadbirda ham munosib ishtirok etdi. Ilmiy markazning qaroriga ko‘ra “Ilm-fan iftixori” esdalik ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi.

Umuman olganda energetika tizimida iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash borasida salmoqli ishlar olib borilmoqda.

Bunga yaqqol misol tariqasida o‘tgan 2021-2022 yillarda tizimda mehnat qilayotgan yoshlar o‘rtasida o‘tkazilgan yoshlar forumlarini aytish mumkin. Ushbu forumlar, sport va madaniy-ma’rifiy tadbirlar orqali, yoshlarning kasbiy bilim mahoratini oshirish hamda o‘zaro do‘stona muhitni yaratgan holda ularda vatanparvarlik tuyg‘usini shakllantirishga xizmat qilmoqda.

“Sirdaryo IES” korxonasida “Yoshlar ittifoqi” boshlang‘ich tashkiloti tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar ham tahsinga sazovor. Hozirda korxonada 2050 nafar ishchi-xodim mehnat qilayotgan bo‘lsa, ularning 402 nafarini 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar tashkil etadi.

Shuhrat Suyarov, O‘zA