Milliy madaniyatni yanada rivojlantirish konsepsiyasi hamda Prezidentimizning «Madaniyat va san’at sohasini yanada rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qaroriga muvofiq san’at sohasidagi islohotlarning yangi strategiyasi qabul qilinib, hayotga izchil joriy etilmoqda.
Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 2 fevraldagi hamda Vazirlar Mahkamasining 2008 yil 13 oktyabrdagi tegishli qarorlari bilan madaniyat va san’at ta’lim muassasalarining o‘quvchilari o‘rtasida «Yosh ijrochilar» respublika tanlovi o‘tkazildi. "Turkiston" saroyida bo‘lib o‘tgan mazkur tanlov O‘zbekiston iste’dodli yoshlar diyori ekanini yana bir bor ko‘rsatdi.
Tanlov 12 ta yo‘nalishda, 67 ta nominatsiyada - xalq cholg‘ulari, puflama va zarbli cholg‘ular, fortepiano, akademik xonandalik, torli cholg‘ular, teatr san’ati, folklor ijrochiligi, estrada xonandaligi, estrada cholg‘u ijrochiligi, an’anaviy xonandalik, an’anaviy cholg‘u ijrochiligi, xoreografiya san’ati yo‘nalishida o‘tkazildi.
Ochiqlik va shaffoflik tamoyili tanlovning bosh mezoni bo‘ldi. Ya’ni, tanlov jarayonlari ijtimoiy tarmoqlarda jonli ravishda yoritib borildi. Tanlov mobaynida ishtirokchilarni har bir yo‘nalish bo‘yicha sohaning yetakchi mutaxassislari baholadi.
Hakamlar hay’atining qarori bilan jami iste’dodli yoshlarning katta guruhi tegishli nominatsiyalar bo‘yicha birinchi, ikkinchi, uchinchi o‘rinlarga munosib bo‘ldi.
Tanlov g‘oliblari Madaniyat va turizm vazirligi tomonidan diplom va qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi.
Ushbu tanlovdan ko‘zlangan asosiy maqsad yosh ijrochilarning o‘z mutaxassisligi bo‘yicha ijrochilik ko‘nikmalarini yanada rivojlantirish, jahon mumtoz kompozitorlarining asarlari, o‘zbek va boshqa xalqlar bastakorlari kuylaridan bahramand bo‘lishi uchun sharoitlar yaratish, iqtidorli yoshlar ijodini targ‘ib etishdan iboratdir.
N.Usmonova, O‘zA