Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yosh ijodkorlarning Zomin seminariga start berildi
16:00 / 2023-07-18

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi tomonidan hamkor tashkilotlar bilan birgalikda tashkil etilgan Yosh ijodkorlarning Zomin respublika seminari boshlandi.

Dastlab, ishtirokchilar Toshkent shahrida "Adiblar xiyoboni"dagi hazrat Alisher Navoiy haykali poyiga gullar qo‘ydi.  

Mazkur seminar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil  5 avgustda qabul qilingan "O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qaroriga asosan o‘tkazilmoqda.  

Aytish joizki, mamlakatimizda yosh ijodkorlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning samarali ijod qilishi uchun zarur barcha sharoit va imkoniyatlarni yaratish masalalari yurtimizda kechayotgan yangilanish jarayonlarida muhim o‘rin tutadi.  

1997 yilda ilk marta o‘tkazilgan yosh ijodkorlarning Zomin seminari davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan keyingi yillarda yanada yuqori mavqe va maqom kasb etmoqda. Respublika yosh ijodkorlarining an’anaviy Zomin seminari o‘z nomi, darajasi, mavqei, nufuzi jihatdan jahonning hech qaysi mamlakatida bo‘lmagan adabiy anjuman darajasiga ko‘tarildi.  

Mazkur seminarning ilk ishtirokchilari bo‘lgan Shodmon Sulaymon, Xosiyat Rustamova, Nodir Jonuzoq, Bobur Bobomurod,  Guljamol Asqarova, Zilola Xo‘janiyozova, Muhiddin Abdusamatov, Adiba Umirova, Go‘zalbegim, Shodmonqul Salom kabi taniqli qalamkashlar bugungi kunda milliy adabiyotimiz ravnaqiga munosib hissa qo‘shib kelmoqda.  

Zomin seminari ishtirokchilarining ijod namunalari to‘plam holida chop etilishiga katta e’tibor qaratildi. Keyingi yillarda esa respublika Zomin seminari ishtirokchilarining ijodiy ishlarini "Mening birinchi kitobim" loyihasi doirasida 10 ming yoki 20 ming tirajda alohida kitob holida nashr etilishi yo‘lga qo‘yildi. Shu bilan birga, turli yillarda seminar ishtirokchilari ijodidan tuzilgan 13 ta to‘plam kitobxonlar e’tiborga havola etildi.  

Bu yilgi respublika yosh ijodkorlarining Zomin seminari "O‘riklisoy" dam olish maskanida o‘tkaziladi. Ishtirokchilar uchun atoqli shoir va yozuvchilar, dramaturglar, ustoz jurnalistlar, publitsistlar, adabiyotshunos va tarjimonlar ishtirokida mahorat darslari, anjumanlar, uchrashuvlar, jonli muloqotlar tashkil etilishi ko‘zda tutilgan.  

Uch kunlik ma’rifiy seminar davomida "Mushoira etadi davom" nomli tanishuv seminari, "Nazm va navo" adabiy-badiiy dasturi, she’riyat, nasr, dramaturgiya, adabiyotshunoslik, tarjima, publitsistika kabi yo‘nalishlar bo‘yicha sho‘’ba mashg‘ulotlari, "O‘riklisoy oqshomlari" adabiy mushoirasi, "Ustozlardan o‘rganamiz" nomli mahorat saboqlari, diqqatga sazovor joylarga sayohatlar bo‘lib o‘tadi. Yosh ijodkorlarning respublika Zomin seminari tafsilotlari xususida O‘zA saytida batafsil yoritib boriladi.  

N.Usmonova, A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA