Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yosh ijodkorlarning seminardan taassurotlari qanday?
18:06 / 2022-08-22

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi tomonidan 17-19 avgust kunlari «Do‘rmon» ijod uyida «Respublika yosh ijodkorlarining an’anaviy seminari» o‘tkazildi.

Unda viloyatlardan 85 nafar yosh qalamkashlar ishtirok etdi. Adabiy seminar doirasida o‘quv mashg‘ulotlari, musiqiy kechalar, mushoira va qator tadbirlar o‘tkazildi. Seminarning tantanali yopilish marosimi «Parkent» ijod uyida bo‘lib o‘tdi. O‘zA muxbiri uch kun davomida seminarda faol ishtirok etgan ishtirokchilarning tassurotlari bilan qiziqdi.

Yorqinjon Hayitboyev (badiiy publitsistika): – Do‘rmonda o‘tkazilgan Yosh ijodkorlar Respublika seminarida ishtirok etib, bir narsaga amin bo‘ldimki, ijod chin ma’noda tanlagan yo‘llarimiz orasidagi eng ko‘rkami, umrimizning ko‘rki ekan. Seminar doirasida badiiy publitsistika yo‘nalishida Ahmadjon Meliboyev, Mamatqul Hazratqulov, Abdusaid Ko‘chimov kabi adabiyotimizning, jurnalistikamizning jonli "kitob"laridan saboqlar olib tafakkur doiramizni kengaytirdik. Ayniqsa, O‘zbekiston Qahramoni Ibrohim G‘ofurovning duolari bizga hamisha hamroh bo‘lib qoladi, deb niyat qilaman. Bugun yurtimizda yosh ijodkorlarga keng imkoniyatlar yaratilmoqda. Xususan, joriy yilning 30 iyun kuni muhtaram Prezidentimizning shaxsan o‘zlaridan «Mard o‘g‘lon» davlat mukofotini adabiyot yo‘nalishida qabul qilib oldim. Bu ham yurtimizda yoshlarga bo‘lgan e’tiroflarning natijasi. Do‘rmon seminari har birimizdagi iste’dodning yangi qirralarini kashf etdi. Badiiy tafakkurimiz bir pog‘ona yuksaldi. Ayniqsa, «Do‘rmon ijod uyi»dagi har maysa, favvora, daraxtlar xuddi menga «Yorqin, bu yerga kelgan ekansan, to‘yib-to‘yib, simirib-simirib ijod qilib ol. Zulfiyaxonimlar, Hamid Olimjonlar, Oybeklar, Said Ahmadlar, Abdulla Oripov va Enkon Vohidovlarning qadami yetgan joyda turibsan. Ruhan ular bilan suhbatlash, ma’nan yuksal, o‘zingni namoyon et», deb aytayotgandek bo‘ldi. Seminardan olgan eng katta yutuqlarimdan biri bilan maqtanmoqchiman. Seminarda O‘zbekiston xalq yozuvchisi Isajon Sulton menga «Ma’suma» romanini sovg‘a qildi. Shu romanni o‘qib tugatdim. «Do‘rmon»dan qalb xazinamni o‘qilgan yana bir kitob bilan boyitib ketyapman. Seminar tashkilotchilariga chin dilimdan minnatdorlik bildiraman.

Otajon Tulovov, (she’riyat): – Seminarda «Eng gullagan yoshlik chog‘imda» deb nomlangan bayoz, tantanali kutib olishlar, yuksak mahoratli ustozlarning tabriklari, uchrashuvlar, tanishuvlar, eh-hee-yey... Sho‘balarda olib borilgan ustoz ijodkorlarning mahorat darslari qizg‘in bo‘lishi tasavvurlarimni yanada kengaytirdi. Sho‘bamizga rahbarlik qilgan ustozlardan Aziz Said, Sirojiddin Rauf, Faxriyor, Muhiddin Abdusamatlar ijodimizni ilm bilan to‘yintirish uchun ancha faollik ko‘rsatdi.

Muqaddas Mamarasulova (badiiy tarjima): – Men seminarga Jizzax viloyatidan kelib qatnashmoqdaman. Seminarning ikkinchi kuni Adiblar xiyobonida joylashgan so‘z mulkining sultoni Alisher Navoiy haykali poyiga gul qo‘yish marosimi biz yoshlarga adabiy ruh baxsh etdi. Kunning ikkinchi yarmida ustozlarning so‘zga chiqib, o‘gitlar va joyi kelganda hazil gaplari seminarning ochilish marosimining yanada ko‘tarinki ruhda o‘tishiga turtki bo‘ldi. Kechga borib esa she’riyat sho‘balarida qaynoq mushoiralar boshlangan bo‘lsa, nasr sho‘balarida o‘ziga xos salobat kezib yurdi. Bizning hakamlar hay’ati tarkibida afsonaviy adib, tarjimon, «tanqidchilarning shoiri»(E. Vohidov shunday nom bergan), ustoz Ibrohim G‘ofurov bor edi. Yoshlari 84ga kirganiga qaramasdan biz yosh ijodkorlarga tengsiz o‘git va tavsiyalarini shaxsan yetkazgani kelibdilar. Fikrlarining tiniqligi meni yana bir bor hayron qoldirdi. Ular bilan o‘zbek adabiyoti qanchalik badiiy tarjimonlarga muhtoj ekanligini, qaysi asarlar navbat kutayotganini, umuman shu sohaning kamchilik va yutuqlari haqida suhbatlashdik. Bizni tingladi, o‘zimiz va tarjimalarimiz bilan tanishdi.

Eng quvonarlisi, ular Badiiy tarjimonlar uyushmasini ochish haqidagi fikrimni qo‘llab-quvvatlashdi.

Farangiz Azamatova (rus adabiyoti): – Seminar menda katta taassurot qoldirdi. Bizning yo‘nalishda rus tilida ijod qilayotgan besh nafar ijodkor ishtirok etdi. Uch kunlik mahorat darslarida uyushma a’zolari Nikolay Ilin va Artyom Goroxovdan ko‘p narsa o‘rgandik. Bahslashdik, fikrlashdik. Yozgan asarlarimizni tahlil qildik, kamchilik va yutuqlarini muhokama qildik. Nasrda ijod qilaman. Asarlarimda Sharq dunyosi, odamlarining xarakterlarini aks ettirishga urinaman. Chingiz Aytmatov, Zulfiya ijodini sevib o‘qiyman. O‘zbek, ingliz, nemis tillarini bilaman. Badiiy tarjima bilan shug‘ullanishni maqsad qilib oldim. Ijod namunalarim «Zvezda vostoka», «Pravda», «Drujba narodov» jurnallarida chop etilgan.

Shahzoda Fayzullayeva (bolalar adabiyoti): – Seminar bizga cheksiz ilhom beryapti. Ustozlarning saboqlari, nasihatlari va qo‘llab-quvvatlashlaridan xursandman. Turli topshiriqlar, she’r mashqlari, tashbehlar yaratish orqali bizning adabiyotga, ijodga bo‘lgan qiziqishimizni yanada oshirib borayotgan ustozimiz Kavsar Turdiyevaga rahmat.

Ijod namunalarini tahlil qilish va ularning ustida ishlash orqali sangtarosh kabi ularga sayqal berishni, naqqosh kabi naqsh tushirishimiz mumkinligini anglab yetdim.

 

Dilobar Mamatova yozib oldi, O‘zA