Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yosh ijodkorlarning muloqot maydoni
16:51 / 2022-08-10

Milliy matbuot markazida O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi tomonidan «Yosh ijodkorlarning an’anaviy seminari»ga oid matbuot anjumani tashkil etildi.

Unda uyushma raisining Yoshlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Botirjon Ergashev, O‘quv-metodika va harbiy-vatanparvarlik bo‘limi boshlig‘i Ma’mura Zohidova, Yosh ijodkorlar bilan ishlash bo‘limi boshlig‘i Alisher Boymurodov, Axborot xizmati rahbari Fozil Jabborov bu yilgi Respublika yosh ijodkorlari seminarining o‘tkazilishi borasida axborot berdi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan tashkil etilgan Respublika yosh ijodkorlarining «Zomin qaldirg‘ochlari» seminari bir necha yillardan buyon iste’dodli yoshlarni kashf etish va qo‘llab-quvvatlashga xizmat qilib kelmoqda. Uyushma axborot xizmatiga ko‘ra, bu yilgi seminar tadbirlari 17-19 avgust kunlari Toshkent viloyatidagi «Do‘rmon» ijod uyida o‘tkaziladi.

[gallery-8246]

16 avgust kuni seminar ishtirokchilari Qibray tumanidagi «Do‘rmon» ijod uyida kutib olinadi va shu yerga joylashtiriladi. Yurtimizning turli hududlaridan kelgan yosh ijodkorlar shu yerning o‘zida bir-birlari bilan tanishib olishadi.

17 avgust kuni erta tongdan yig‘ilganlar dastlab Adiblar xiyobonidagi Alisher Navoiy haykali poyiga gul qo‘yishadi. Yozuvchilar uyushmasida seminarning ochilish marosimi o‘tkaziladi. 18 avgust kuni anjumanning sho‘ba mashg‘ulotlariga tayyorgarlik ko‘riladi. Seminar ishtirokchilari badiiy adabiyotning nazm, nasr, dramaturgiya, badiiy publitsistika, badiiy tarjima, bolalar adabiyoti, adabiy tanqid yo‘nalishlari bo‘yicha sho‘balarga bo‘lingan holda mahorat darslari olib boradi.

Tushdan so‘ng ham mahorat darslari davom etadi. Shu kuni «Kitobxonlik kechasi va mushoira», Zomin seminarining ilk qaldirg‘ochlari ishtirokida «Seminarning salmog‘i» mavzusida davra suhbati o‘tkaziladi.

19 avgust kuni erta tongdan ishtirokchilar O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi huzuridagi «Parkent ijod uyi»ga borishadi. U yerda seminar ishtirokchilarining «Birinchi kitobim» ruknida chop etilgan ilk kitoblari taqdimoti o‘tkaziladi.

Ommaviy axborot vositalari uchun press-tur tashkil qilinadi.

Bu yilgi seminarda respublika bo‘yicha 85 nafar yosh ijodkor qatnashishi ko‘zda tutilgan. Bulardan, 7 nafari Qoraqalpog‘iston respublikasidan, 5 nafari esa mamlakatimizda yashab, rus tilida ijod qilayotgan yosh ijodkorlardir. Adabiyotning turli janrlaridagi ijodi bilan ko‘zga tashlanayotgan yoshlarni qo‘llab-quvvatlash Yozuvchilar uyushmasining bosh maqsadlaridan biridir.

Mazkur seminar yildan-yilga takomillashtirilib borilmoqda. «Do‘rmon» ijod uyida bo‘lib o‘tadigan seminarda ham yosh ijodkorlarga zabardast adiblarimiz mahorat saboqlarini olib boradi. O‘zbekiston Qahramoni Ibrohim G‘ofurov, atoqli ijodkorlar Erkin A’zam, Xurshid Davron, Ahmadjon Meliboyev, Xurshid Do‘stmuhammad, Mamatqul Hazratqulov, O‘tkir Rahmat, Isajon Sulton, Zulfiya Mo‘minova, Munavvara Usmonova, Risolat Haydarova, Eshqobil Shukur kabi qalamkashlar shular jumlasidandir.

Shuningdek, «Jahon adabiyoti», «Sharq yulduzi» va «Zvezda vostoka», «Yoshlik» jurnali hamda «O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasi jamoasi bilan ijodiy uchrashuvlar tashkil etiladi.

Bu yilgi seminarda rus tilida ijod qilayotgan 5 nafar yoshlar uchun alohida mahorat darsi hamda o‘zaro tarjima ishlarini yo‘lga qo‘yish yuzasidan suhbatlar tashkil etiladi. Mahorat darslarida yoshlar uyushma a’zolari Nikolay Ilin va Artyom Goroxovdan ijod sirlarini o‘rganishadi.

3 kun davomida yosh ijodkorlardan 20 nafari saralab olinadi va shu yilning oxirigacha ijodiy ishlari nashrga tayyorlanadi. Ijodiy ishlar 2023 yilning boshida nashriyotga topshiriladi va «Birinchi kitobim» loyihasida chop etiladi.

O‘tkazilajak seminarda ham kuchli iste’dodlar kashf qilinadi. Ular ustoz adiblarimiz e’tiboriga tushishi bilan birga, adabiyot dunyosiga yangi ovoz sifatida kirib keladi.

N.Usmonova, O‘zA