English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yosh ijodkorlarning ilk kitoblari chop etildi
22:52 / 2021-04-16

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi tomonidan «Birinchi kitobim» loyihasi doirasida 7 nafar yosh ijodkorning chop etilgan kitoblari taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

Yozuvchilar, shoirlar, dramaturglar, adabiyotshunos olimlar, tarjimonlar, yosh ijodkorlar ilk kitobi chiqqan ijodkorlarning ota-onalari ishtirok etgan marosimda mualliflarga qalam haqi va o‘z kitoblari topshirildi.

Tadbirda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi, xalq shoiri Sirojiddin Sayyid, uyushma raisi o‘rinbosari Nodir Jonuzoq so‘zga chiqib, yosh ijodkorlarni ilk kitoblari bilan qutladi. bugungi kunda adabiyot ahliga, ayniqsa, yosh ijodkorlarga berilgan imkoniyatlar haqida gapirdi.

Yozuvchi Xurshid Do‘stmuhammad, adabiyotshunos olim Suvon Meli «Birinchi kitobim» loyihasida chop etilgan kitoblarning yutuq va kamchiliklari haqida gapirdi. Har bir kitob haqida shaxsiy mulohazalarini bildirdi.

Adabiy kechani O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi o‘rinbosari Botir Ergash olib bordi.

–O‘zim Samarqandda faoliyat yuritaman, –deydi Orif Komilov. – Kasbim shifokor. She’r yozish hayotimning bir bo‘lagiga aylanishga ulgurdi. Bugun ilk kitobim ustozlar e’tirofi bilan chop etilib, keng jamoatchilikka taqdim etilayotganidan boshim osmonga yetdi. «Xayol raqsi» she’riy kitobimga turli yillarda yozilgan she’rlarim kiritilgan. Hali ko‘p kitoblar chiqarish, tolmay ijod qilish niyatimiz bor.

Taqdimoti o‘tkazilayotgan kitoblar “Adabiyot” nashriyotida 5000 nusxadan chop etildi. Mazkur kitoblarga Luqmon Bo‘rixon, Salim Ashur, Zebo Mirzayeva, Odil Ikrom, Nurillo Chori, Jontemir Toshtemirov kabi yozuvchi va shoirlar muharrirlik qilgan.

Orif Komilovning «Xayol raqsi», Farrux Hasanovning «Ichkari», Shahzod Ergashaliyevning «Ufqqa tutash yo‘l», Tozagul Jumanovaning «Baxt kaliti», Rohilabonu G‘o‘chchiyevaning «Olasoyning olmasi», Jaloliddin Saidning «Cho‘qqi», Dilshod Ro‘ziqulovning «Dehqoni so‘z»kitoblari «Ijod» jamoat fondi tomonidan chop etilgan.

Loyiha doirasida 9 nafar yosh ijodkor Yozuvchilar uyushmasi a’zoligiga qabul qilinib, guvohnomalar topshirildi.

– Yozuvchilar uyushmasiga a’zo bo‘lganimga ko‘p bo‘lmadi, –deydi shoir Nodir Jonuzoq. – Bu oddiy a’zolik emas, kishiga mas’uliyat yuklaydi. Shu hisni tuyib ijod qilish kerak. Esimda, 1998 yil Zominda o‘tkaziladigan yosh ijodkorlarning seminarida g‘olib topilib, Abdulla Oripov tomonidan uyushma a’zoligiga tavsiya qilingan edim. 

Ammo a’zolik guvohnomamni olishga xijolat bo‘lganman. Olmaganman. Unda juda yosh edim. A’zolik shunday narsaki, katta darg‘alar– yozuvchi Xurshid Do‘stmuhammad bilan, shoir Usmon Azim bilan bir safda turishdek mashaqqatli, bajarilishi mushkul yukni yelkangizga yuklaydi. Ana shu mashaqqatlarni mudom yengib o‘tib tolmay ijod qilish kerak.

Taqdimot marosimi yakunida yig‘ilganlarga O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi «Ijod» jamoat fondi tomonidan chop etilgan yangi kitoblardan ulashildi.

D.Mamatova, O‘zA