O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida yosh ijodkorlarning “Birinchi kitobim” loyihasi doirasida chop etilgan kitoblari taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2018 yil 5 apreldagi “O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida tashkil etilgan tadbirda yozuvchi va shoirlar, dramaturg, adabiyotshunos olimlar, tarjimon, ma’naviyat targ‘ibotchilari, keng jamoatchilik hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.
Yozuvchilar uyushmasi raisi, xalq shoiri Sirojiddin Sayyid mualliflarni ilk kitoblari bilan muborakbod etdi. Ularga ijodiy parvozlar tilab, qalam haqi va kitoblardan topshirdi.
Mualliflar 2018 yil Zomin seminarida qatnashgan, matbuot sahifalarida asarlari doimiy ravishda chop etib kelinayotgan va ustoz yozuvchilar tomonidan ijodiy ishlari yuqori baholangan 15 nafar yosh ijodkordir.
Jumladan, Mahliyo Umrzoqovaning “Tuyg‘ular alangasi”, Anvar Botirning “Ulg‘ayish”, Bobur Hamroning “Shiroqning qaytishi”, Yahyo Fayozning “Baxtimizning zar tumorlari”, Yulduz O‘rmonovaning “Uyg‘oq yulduzlar”, Mirzohid Muzaffarning “Fosh”, Akmal Tursunovning “Burgutqoya”, Rahmat Bobojonning “Iztirob shiviri”, Anvar Allaberganovning “Gullayotgan chechaklar”, Bek Alining “Men axir senman”, Asror Solijonning “Sevgirang nigoh”, Madina Norchayevaning “Kaftdagi yo‘l”, Azizbek Norovning “Eynshteyn jumbog‘i”, Raxshona Ahmedovaning “Orzu va dengiz” hamda Abdurauf Zokirovning “Ona zamin” kitoblari o‘quvchilar e’tiboriga havola etildi.
[gallery-842]
Kitoblarni qo‘lga olar ekansiz, ular janr va mavzularning xilma-xilligi bilan o‘quvchini o‘ziga tortadi. To‘plamlarda barcha yoshdagi kishilarning fikr-o‘ylari g‘oyatda hayotiy va ishonarli yoritilganki, aslo sun’iylik, zo‘rma-zo‘rakilik uchramaydi. Har bir ijod mahsulida go‘zallikka oshiq ko‘ngil, dard bilan olishgan orzu-umidni ko‘rasiz. Uning borliqni boshqacha ko‘rishi, so‘z ila tabiatni mohirlik bilan chizishiga amin bo‘lasiz.
Yoshlarning kitoblariga Zulfiya Mo‘minova, Rustam Musurmon, Iqbol Mirzo, Aziz Said, Isajon Sulton, Sobir O‘nar, Abduqayum Yo‘ldoshev, Shodmonqul Salom, Qo‘chqor Norqobil, Jontemir Toshtemirov, Ne’mat Arslonov, Nargiza Asadova hamda Ma’mura Zohidova kabi ustoz yozuvchilar, shoirlar, publitsistlar muharrirlik qilgan.
– Kitoblarimiz Yozuvchilar uyushmasi tashabbusi bilan “Ijod” jamoat fondi tomonidan “Adabiyot” nashriyotida chop etildi, – dedi Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti 3-kurs talabasi Madina Norchayeva.– 10 ming nusxadan chiqarilgan bu to‘plamlarga har birimizning she’riyat, nasr, badiiy publitsistika va dramaturgiya bo‘yicha ijod namunalarimiz kiritilgan. Shular qatorida mening “Kaftdagi yo‘l” she’riy to‘plamim ham chiqdi. Bu yutuq menga faxr, mas’uliyat va yanada ko‘proq ijod qilish tuyg‘usini berdi. O‘zimga bo‘lgan ishonchim yanada ortdi. Kelajakda nafaqat o‘z kasbimning ustasi bo‘lish, shu qatorda sh’eriyatning yangi qirralarini kashf qilgan holda ijod qilishni niyat qilganman.
Mualliflar yig‘ilganlarga “Birinchi kitobim” loyihasida chop etilgan kitoblaridan ulashishdi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA