Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yosh ijodkorlarni yangi g‘oyalarga undagan forum
13:59 / 2022-10-19

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi tomonidan Markaziy Osiyo yosh ijodkorlar forumi o‘tkazildi.

Mamlakatimizda yosh adib va shoirlarni qo‘llab-quvvatlash, ularga rag‘bat berish maqsadida ko‘plab ibratli ishlar amalga oshirilmoqda. Bu jihatlar O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi faoliyatida ham o‘z ifodasini topmoqda. Uyushma tomonidan iste’dodli yoshlarning ijodiy ishlari “Birinchi kitobim” loyihasi doirasida ko‘p ming nusxada nashr etilmoqda. 
 
Forumda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi, xalq shoiri Sirojiddin Sayyid ilk marta o‘tkazilayotgan Markaziy Osiyo yosh ijodkorlar forumi qalamkash yigit-qizlar uchun yangi asarlar yaratishga turtki berishini ta’kidladi. 
 
– Bu juda noyob uchrashuv, – dedi O‘zbekiston Qahramoni, adabiyotshunos olim Ibrohim G‘afurov. – Men keksa ijodkor sifatida bunday anjumanda ishtirok etgan emasman. Bugun dunyo ham salbiy, ham ijobiy ma’noda qutblarga ajralib qolmoqda. Bu murakkab global jarayonda ijodkor o‘ziga “men qanday yozishim kerak, jahon adabiyotiga o‘zimni qaysi g‘oya, fikr orqali tanishtirishim kerak?” degan savolni bermog‘i kerak. Agar siz – yoshlar bu savolga to‘g‘ri javob topa olsangiz, asarlaringizni kitobxonlar qo‘lidan qo‘ymay o‘qiydi. O‘ylaymanki, mazkur forum yosh ijodkorlarga ana shu g‘oyalar sari turtki bera oldi. 
 
Darhaqiqat, bugun o‘zbek adabiyoti, ona tilimiz ravnaqi nainki mamlakatimiz, balki Qozog‘iston, Tojikiston, Afg‘oniston, Turkmaniston, Qirg‘iziston, umuman, dunyoda o‘zbek tilida ijod qilayotgan qalamkashlar faoliyati bilan yaxlitdir. Tabiiyki, bunda O‘zbekistondagi adabiy jarayonlar milliy so‘z san’atimiz, ona tilimiz rivojining asosiy mag‘zini tashkil etadi. 
 
– Albatta, bu anjuman kelajakda dunyoning yosh ijodkorlari bir-birini taniydigan anjumanga aylanmog‘i kerak, – dedi taniqli shoir va tarjimon Faxriyor. – Adabiyot, dunyo adabiyoti bilan qon almashib, tajriba almashib turishi kerak. 
 
Forumni yuqori saviyada o‘tkazishda Yozuvchilar uyushmasi, Toshkent viloyati hokimligi tomonidan katta tayyorgarlik ishlari olib borildi. O‘zbek tili bayrami arafasida tashkil etilgan ushbu forum davomida mamlakatimiz va Markaziy Osiyo davlatlari yosh ijodkorlarining ijodi ustoz adabiyotshunoslar, olimlar, shoirlar tomonidan atroflicha tahlil etildi. Qiziqarli mushoiralar o‘tkazildi. Yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan savollariga ustoz adib va shoirlardan javob oldi. 
 
– Ushbu forum ijodkor tengdoshlarimiz ishlari bilan batafsil tanishishga imkon berdi, – dedi afg‘onistonlik shoira va jurnalist Ra’no Sherzod. – O‘zbek tili Navoiy tili, Sohibqiron Amir Temur tili, Gavharshodbegim tilidir. Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetini 2019 yilda tamomlaganman. Bu anjuman bizning ijodimiz uchun juda foydali bo‘ldi. 
 
– Yoshlarning bu kabi adabiy anjumanida birinchi marta ishtirok etayapman, – dedi tojikistonlik shoir Jasurbek Tursunxo‘jayev. – O‘zbekistonlik ustozlarimizning, adabiyot darg‘alarining yo‘l-yo‘riqlari biz uchun juda foydali bo‘ldi. 
 
Forumda mahorat darslari, mushoiralar, “Olov so‘zlar” va “Birinchi kitobim” loyihasi doirasida chop etilgan kitoblar taqdimoti va muhokamasi bo‘lib o‘tdi. 
 
Forumning barcha ishtirokchilariga O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining sertifikati, maxsus statuetka, kitoblar jamlanmasi, qimmatbaho sovg‘alar topshirildi. Barcha yo‘nalishlarda eng faol qatnashgan ijodkorlarning ishlari hakamlar hay’ati xulosalariga ko‘ra, forum ishtirokchilari ijodining bayozida chop etishga tavsiya etildi. 



Nazokat Usmonova, O‘zA