Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yosh ijodkorlar forumi
10:50 / 2021-05-22

Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn institutida “Vatan taraqqiyotiga mening hissam” shiori ostida “Kompozitsiya” nomli I Yosh ijodkorlar forumi bo‘lib o‘tdi.

Prezidentimizning 2021 yil 26 martdagi “Ma’naviy-ma’rifiy ishlar tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi yuzasidan o‘tkazilgan forumda ijodkor yoshlar – haykaltarosh Jasvant Annazarov hamda rangtasvirchi rassom Gulnoz Jalolovaning ko‘rgazmasi tashkil etildi.

Jasvant Annazarov “O‘zbekiston Respublikasi xalq rassomi” faxriy unvoni sohibi, ko‘p yillardan buyon respublika va xalqaro halkaltaroshlik tanlovi va ko‘rgazmalarida ishtirok etib, sovrinli o‘rinlarni egallab kelmoqda. 2009 yilda Jasvantning asarlari MDH davlatlari insonparvarlik hamkorligi xalqaro jamg‘armasi homiyligida Rossiya Badiiy akademiyasi tomonidan tashkil etilgan yosh haykaltaroshlar simpoziumida namoyish etildi. 2015 yili "E’tirof" mukofotining "Yilning eng yaxshi haykaltaroshi” nominatsiyasi sohibi, 2017 yil "Shuhrat” medali bilan taqdirlangan.

Qahramonimiz 2017 yil Toshkentda Mahtumquli Firog‘iy va Jizzax shahrida Sharof Rashidov haykalini, Adiblar xiyoboni uchun Erkin Vohidov haykalini yaratgan. 2019 yil Fransiya poytaxti Parij yaqinidagi Ryuey-Malmezon shahrida tibbiyot ilmi asoschisi Abu Ali ibn Sinoning yana bir ulug‘vor haykali J.Annazarov muallifligida qad rostladi. Haykaltarosh 2020 yil Adiblar xiyobonida o‘rnatilgan Muqimiy haykali muallifi hamdir.

J.Annazarov mis, tosh, plastilin, bronza, yog‘och kabi materiallar bilan ishlaydi. Haykallar uchun etnik, mifologik va tarixiy mavzuni tanlaydi, lekin asosan klassik an’analar va yangi texnologiyalardan foydalanib, portret va kompozitsiyalar ishlaydi. Uning "Nil qirg‘og‘i", "Go‘ro‘g‘li", "Marvarid egasi", "Xorazmlik portreti" kabi asarlari diqqatga sazovor.

Uning so‘nggi ijodiy ishi 2020 yilda G‘alaba bog‘ida qad rostlagan bir nechta guruhli kompozitsiyalardir. Birinchi kompozitsiya Bahrom Norboyev bilan hammualliflikda yaratilgan bo‘lib, unda Zulfiya Zokirova hamda uning kelinlari o‘zbek ayolining sabru saboti, sadoqati, irodasi, matonati va jasoratining yorqin timsoli sifatida yaratilgan.

– Urush chetlab o‘tgan xonadonning o‘zi topilmaydi yurtimizda, – dedi Jasvant Annazarov. – Bu ustun-stellalarni yaratishda ularni o‘zbek xonadonlaridagi tokchalarga qiyoslashga harakat qildik. Ustunlar yon tarafdan frontdan kelgan uchburchak taxlamli xatlarni ham ifodalaydi. Har bir ustun tepasida tishlangan non urushdan qaytmagan o‘g‘illarga ishora. Shu yerning o‘zida xatlardan parchalar ham keltirilgan. Ularda jangchi o‘g‘illarning Vatani, onasi, yaqinlari, oilasini sog‘ingani, barvaqt ko‘z yumgan otasini eslagani, farzandlariga aytgan gaplari bitilgan.

Ikkinchi kompozitsiya "Mangu jasorat", deb nomlanib, unda Sobir Rahimov va 14 urush qahramonining ansambl haykallari yaratilgan.

J.Annazarov mamlakatimizning yetakchi haykaltaroshlaridan biri.

Yosh rassom Gulnoz Jalolova kichikligidan tasviriy san’atga ishtiyoqi balandligi bois maktab davridanoq Buxoro tasviriy va amaliy san’at maktab-internatida tahsil oldi. Bu yerda ustozlaridan rasm chizish sirlarini o‘rgana boshladi. Yoshligidanoq juda ko‘plab ko‘rik–tanlovlar ishtirokchisi va g‘olibiga aylandi. Jumladan, “San’at g‘unchalari (Yangi avlod)”, “Yurt kelajagi” kabi tanlovlarda g‘oliblikni qo‘lga kiritdi.

Gulnozdagi iqtidor va ishtiyoq uni Respublika dizayn kollejiga olib keldi. U 3 yil mobaynida kollejda ham rassomlik sirlarini chuqur o‘zlashtira boshladi. Kollej yosh rassom uchun haqiqiy ijod davri bo‘ldi, desak yanglishmaymiz. Ustozi Sh.To‘raxonovning ko‘rsatmalari bilan tasviriy san’at sohasida katta yutuqlarga erishdi.

G.Jalolova K.Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn institutining “Tasviriy san’at” fakultetini tamomladi. Ustozlari S.Raxmetov va D.Azizovdan tahsil oldi. Hozirda esa yosh rassom institutning “Kino va telefilmning yechimi” mutaxassisligi bo‘yicha magistraturaning 2-bosqichida tahsil olmoqda. Serg‘ayrat, izlanuvchan yoshlardan biri bo‘lgan bu yosh rassom juda ko‘p respublika va xalqaro tanlov hamda ko‘rgazmalarda ishtirok etgan. Har yili O‘zbekiston Badiiy Akademiyasi tomonidan o‘tkaziladigan “Tasviriy va amaliy san’at festivali”da faol qatnashib, diplom va sertifikatlar bilan taqdirlangan. 2018 yilda esa ushbu Festivalning “Oltin medali” ni qo‘lga kiritdi.

2020 yilning dekabr oyida Ispaniyaning xalqaro “Dali’s Mustache” onlayn tanlovining ikki bosqichli super finalida o‘z ijodiy ishlari bilan ishtirok etib, faxrli 1-o‘rin – “Oltin diplom” sohibasi bo‘ldi. Moskva shahrida o‘tkazilgan xalqaro “New year planet - 2020” festivalida qatnashdi va 1-o‘rin laureati bo‘ldi.

2020 yil Gulnoz Jalolova tasviriy san’atda erishgan yutuqlari va iqtidori inobatga olingan holda, O‘zbekiston Badiiy Ijodkorlar uyushmasining “Yoshlar” sho‘’basiga a’zolikka qabul qilindi.

Yosh rassom san’atning ko‘proq rangtasvir yo‘nalishida ijod qiladi. Uning asarlarida yurtimizning go‘zalligi, tabiat uyg‘onishi va fasllar o‘zgarishi ko‘proq joyni egallaydi. Uning “Xumson soylari”, “Noyabr so‘nggi”, “Kuz”, “Bahor gullari”, “Qor” kabi asarlari bunga misol bo‘la oladi.

Tadbir doirasida Boris Babayevning “Avangard. Bo‘shliq. Vaqt” nomli hujjatli filmi namoyish etildi.

Gulnoza BOBOEVA, O‘zA